To‘qayev Iordaniya podshohiga oliy davlat mukofotini topshirdi

Olam

image

Bugun, 19 fevral kuni rasmiy tashrif bilan Iordaniyada bo‘lib turgan Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Iordaniya podshohi Abdulla II ga Qozog‘istonning oliy davlat mukofoti – “Oltin Qiron” (“Oltin burgut”) ordenini topshirdi. Bu haqda Qozog‘iston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, To‘qayev o‘z nutqida Qozog‘iston va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi o‘rtasidagi mustahkam sheriklik munosabatlari hamda podshoh Abdulla II ning Qozog‘iston-Iordaniya aloqalarini mustahkamlashga qo‘shgan katta shaxsiy hissasini ta’kidlab o‘tgan.

“Janob hazratlarining so‘nmas qo‘llab-quvvatlashi tufayli biz iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikdan tortib, madaniy-ma’rifiy almashinuvlargacha bo‘lgan o‘zaro manfaatli sohalardagi hamkorligimizni chuqurlashtirdik. Siz atoqli davlat arbobi, tinchlik tarafdori va donishmandlik namunasi sifatida dunyo bo‘ylab ko‘pchilikni ilhomlantirishda davom etmoqdasiz. Qozog‘iston xalqi sizga chuqur hurmat bilan qaraydi. Iordaniya biz uchun nafaqat sherik, balki haqiqiy do‘st ekanligidan faxrlanamiz”, degan Qozog‘iston rahbari.

O‘z navbatida, Abdulla II Qosim-Jomart To‘qayev va qardosh qozoq xalqiga Qozog‘istonning oliy davlat mukofoti bilan taqdirlangani uchun minnatdorlik bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning avgust oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Qozog‘iston Respublikasining “Oltin Qiron” (“Oltin burgut”) ordeni bilan mukofotlangandi. Qozog‘istonning oliy davlat mukofotini O‘zbekiston yetakchisiga Prezident Qosim-Jomart To‘qayev tantanali ravishda topshirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Qosim-Jomart To'qaev Iordaniya Abdulla II Oltin Qiron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing