To‘qayev BRICS va SHHT sa’y-harakatlarini birlashtirishni taklif qildi
Olam
−
25 avgust 2023 6000 3 daqiqa
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev BRICS’ning 15-sammiti doirasida bo‘lib o‘tayotgan “BRICS Plus” formatidagi Davlat rahbarlari muloqoti yig‘ilishida videokonferensaloqa orqali ishtirok etdi. Bu haqda Qozog‘iston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Qosim-Jomart To‘qayev mazkur sammit BRICS rolini sezilarli darajada kuchaytirishi hamda ochiq muloqot va o‘zaro tushunish asosida qator dolzarb global muammolarni hal qilishda yordam berishi mumkinligini aytgan.

Shuningdek, To‘qayev ikki tuzilmaning umumiy manfaatlari va ustuvorliklarini hisobga olgan holda BRICS va Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) sa’y-harakatlarini birlashtirishni taklif qilgan.
“Biz BMT Nizomi asosida tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikning maqbul formulasini izlashimiz kerak. Shu maqsadda SHHTning joriy yilgi sammitida men “Adolatli tinchlik va totuvlik yo‘lida dunyo birligi to‘g‘risida”gi tashabbusni ilgari surgan edim. Ushbu tashabbus global xavfsizlik va barqarorlik sohasida taraqqiyotga erishish, shuningdek, yanada oqilona siyosiy va iqtisodiy xalqaro tartibni o‘rnatishga qaratilgan”, degan Qozog‘iston rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, BRICS bo‘yicha hamkorlar va “BRICS Plus” umumiy manfaatlar yo‘lida ushbu tashabbusni ilgari surishda hamkorlik qilishi mumkin.

Bundan tashqari, To‘qayev SHHT, BRICS va BRICS Plus mamlakatlari elektron tijorat, kiberxavfsizlik va muhim raqamli sohalardagi yutuqlarini birlashtirish va axborot almashinuvini kengaytirish zarur, deb hisoblaydi.
“Qozog‘iston barcha hamkorlarni “Shimol-Janub” va “Sharq-G‘arb” yo‘laklari orqali iqtisodiy, savdo, transport va sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirishda biz bilan birga bo‘lishga chaqiradi”, deydi Prezident To‘qayev.
Uning ta’kidlashicha, “Bir makon, bir yo‘l” muhim tashabbusini to‘ldiradigan transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi savdo hamkorligi uchun qimmatli istiqbollarni taqdim etadi.

Bundan tashqari, To‘qayev SHHTning Ekologiya yilini nishonlash bo‘yicha harakat rejasi BRICS mamlakatlarida ham o‘z javobini topishiga umid bildirgan.
“Biz hammamiz tushunamizki, iqlim o‘zgarishi global miqyosda keng ko‘lamli salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Oxirgi bir necha yil ichida Global Janub va Markaziy Osiyo mamlakatlarida kuchli qurg‘oqchilik va boshqa tabiiy ofatlar ko‘payib bormoqda”, deya ta’kidlagan Qosim-Jomart To‘qayev.
So‘ngra Qozog‘iston Prezidenti oziq-ovqat xavfsizligi masalasiga e’tibor qaratgan.
“Bugungi kunda dunyodagi eng yirik to‘rtta oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi davlatdan uchtasi BRICS’ga a’zo. BRICS davlatlari qishloq xo‘jaligining umumiy yalpi ichki mahsuloti butun dunyoning yarmidan ko‘pini tashkil etadi. Mamlakatlarimizda oziq-ovqat nomutanosibligini kamaytirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish zarur. Biz global oziq-ovqat va o‘g‘it yetkazib berishni siyosatga aralashtirmasligimiz hamda ularni har qanday sanksiya va cheklovlardan chetlashtirishimiz kerak”, deydi u.
O‘z nutqi yakunida To‘qayev Qozog‘iston BRICS’ga a’zo davlat sifatida tashkilotning salohiyatini rivojlantirishga hissa qo‘shmoqchiligini aytgan.
“Global xavfsizlik, barqaror rivojlanish va inklyuzivlikni ta’minlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarimizni kuchaytirishimiz kerakligiga qat’iy ishonaman”, deya xulosa qildi Qozog‘iston rahbari.

Ma’lumot uchun, To‘qayev JAR Prezidenti Siril Ramafosaning taklifiga binoan yig‘ilishda Shanxay hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi sifatida so‘zga chiqqan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Janubiy Afrika Respublikasi Tashqi ishlar va hamkorlik vaziri Naledi Pandor 23 davlat, jumladan, Qozog‘iston ham BRICS’ga qo‘shilish uchun rasmiy ariza topshirganini bildirgandi. Shundan so‘ng Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Aybek Smadiyarov Ostona BRICS davlatlari bilan hamkorlik qilishdan manfaatdorligi, biroq respublika ushbu tashkilotning to‘liq a’zosi maqomini olishi haqida gapirishga hali erta ekanini aytdi. Kecha, 24 avgust kuni Janubiy Afrika Prezidenti Siril Ramafosa BRICS’ga rasman BAA, Saudiya Arabistoni, Eron, Argentina, Misr va Efiopiya taklif etilganini ma’lum qildi.
Live
Barchasi