Trampning qudrati Qatar va Polshada jiddiy sinovdan o‘tyapti

Olam

image
Tarixiy sammit: Putin G‘arb izolyatsiyasidan chiqdimi? north_east

Tarixiy sammit: Putin G‘arb izolyatsiyasidan chiqdimi?

Polsha o‘z hududida Rossiya dronlarini urib tushirdi north_east

Polsha o‘z hududida Rossiya dronlarini urib tushirdi

“Uchar qasr”: Qatar Trampga sovg‘a qilgan 400 million dollarlik samolyot qanday jihozlangan? north_east

“Uchar qasr”: Qatar Trampga sovg‘a qilgan 400 million dollarlik samolyot qanday jihozlangan?

Agar AQSH Prezidenti Donald Trampning Isroilning Qatardagi turarjoy hududida HAMAS amaldorlariga qilingan hujumiga to‘sqinlik qila olmagani haqidagi da’vosi haqiqat bo‘lsa, u o‘z xalqaro ishonchliligiga yana bir og‘ir zarba oldi. Bu haqda CNN yozmoqda.

Isroil Qatarga 9 sentyabr kuni amalga oshirgan hujumda besh nafar HAMAS a’zosi halok bo‘ldi, ammo AQSHning G‘azoda yangi o‘t ochishni to‘xtatish rejasi bo‘yicha muzokara qilayotgan asosiy delegatsiya jabr ko‘rmadi. Tramp shoshilinch ravishda tushuntirish berib, bu uning qarori emasligi va u bu haqda xabar topishi bilanoq Qatarga ma’lum qilganini aytdi.

“Men bu vaziyatdan mamnun emasman. Bu yaxshi holat emas… biz bunday jarayondan mamnun emasmiz” dedi Tramp kecha Vashingtondagi steyk-xausda kechki ovqatga yo‘l olgan paytida.

Bu esa Tramp uchun kamyob holdagi past ovozdagi bayonot edi. Isroil AQSHning muhim manfaatlarini hisobga olmasdan amalga oshirgan hujum Tramp uchun navbatdagi sharmandalik bo‘ldi. Bunday holat Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Alyaskadagi sammitdan keyin ham yuz bergandi. O‘shanda kulumsirab suratga tushgan Putin ortga qaytgach, Ukrainada fuqarolarga hujumlarni kuchaytirdi. Bugun, 10 sentyabr  kuni esa Polsha Rossiyaning Ukrainaga qilgan havo hujumi davomida o‘z havo hududini buzgan dronlarni urib tushirganini ma’lum qildi.

NATO Bosh kotibi Mark Ryutte buni “butunlay mas’uliyatsizlik” deb atadi va “bu yagona holat emas”ligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, NATO o‘z hududining har bir qarichini himoya qiladi.

Tramp esa, o‘z navbatida, global tinchlikparvar bo‘lish istagida samimiy tuyuladi. Agar u muvaffaqiyatga erishsa, ko‘plab insonlarning hayotini saqlab qolishi va muhim meros qoldirishi mumkin. U yanvarda Oq uyga qaytganida Ukraina va G‘azodagi urushlarni tezda tugatishga va’da bergandi. Ammo sakkiz oy o‘tib, ikkala urush ham yanada qonli tus oldi. Putin, Xitoy rahbari Si Szinpin va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi esa Trampni ochiqchasiga inkor etmoqda.

Yaqin Sharqdagi voqealar Trampning ichki siyosiy obro‘siga katta ta’sir ko‘rsatmasligi mumkin, chunki u bu yerda jinoyatchilikka qarshi kurash bilan chiqish qilmoqda. Ammo Dohadagi hujum – xuddi Putinning tajovuzlari kabi – Trampning xorijda qo‘rquv soluvchi “qattiqqo‘l yetakchi” sifatida ko‘rsatish obrazini vayron qilishi mumkin. Chunki bu hujum AQSHning eng muhim ittifoqchilaridan biri – Qatarning suverenitetini ochiqdan-ochiq poymol qildi. Qatar esa G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish rejasi bo‘yicha muzokaralarni aynan Oq uyning iltimosi bilan olib borayotgan edi.

Bu nafaqat Tramp uchun shaxsiy haqorat, balki AQSHning xavfsizlik manfaatlari ustidan Netanyahuning maqsadlarini ustun qo‘yish bo‘ldi. CNN’ning xabar berishicha, Oq uyda ayrim amaldorlar qattiq g‘azabga tushgan, chunki hujum Netanyahuning maslahatchisi Ron Dermer 8 sentyabr kuni Trampning elchisi Stiv Uitkoff bilan uchrashganidan keyin ro‘y bergan, ammo uchrashuvda bu haqda hech qanday ishora qilinmagan.

“Hujumlar o‘t ochishni to‘xtatish muzokaralarining juda nozik paytida ro‘y berdi. Prezident va uning elchisi Uitkoff Prezidentning maqsadi to‘liq o‘t ochish to‘xtatilishi, barcha garovdagilar ozod qilinishi va urush tugatilishini aniq aytgan edi”, deydi AQSHning sobiq elchisi Edvard Jereyyan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “Isroil AQSHning milliy xavfsizlik manfaatlariga ko‘p e’tibor qaratmayotgandek” ko‘rinmoqda.

AQSH tashqi siyosati uchun katta oqibatlar

Qatarga hujum G‘azo urushiga siyosiy yechim orqali barham berish umidini yo‘qqa chiqarishi mumkin. Bu esa qolgan isroillik garovdagilar uchun ham daxshatli oqibatlarga olib kelishi ehtimoli yo‘q emas.

Shu bilan birga, bu holat Isroil Bosh vaziri uchun muhim bir narsani ko‘rsatdi: u garovdagilar emas, balki HAMASni butunlay yo‘q qilishni asosiy maqsad qilib olgan. Bu esa amalda imkonsiz vazifa bo‘lishi mumkin.

AQSH uchun oqibatlar:

  • Bu voqea Tramp va Netanyahu munosabatlarini izdan chiqarishi va ikki ittifoqchi davlat o‘rtasida ishonchsizlik tug‘dirishi mumkin.
  • Bu Trampning “neytral vositachi” sifatidagi nufuzini yo‘qqa chiqarishi va Qatarni muzokaralardan chetga chiqishga majbur qilishi mumkin. Qatar Bosh vaziri hujumni “davlat terrorizmi” deb atagan.
  • Qatar o‘zini AQSH diplomatik manfaatlari uchun yillar davomida xizmat qilgan davlat sifatida ko‘rardi. Hujum esa ular uchun xiyonat sifatida qabul qilinishi mumkin.
  • Bu holat Trampning shaxsiy va siyosiy manfaatlariga ham Yaqin Sharqda salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
  • Ibrohim kelishuvlarini kengaytirish rejasi – Trampning Nobel tinchlik mukofotiga da’vosi – endi yanada uzoqlashdi.
  • Yaqin Sharq mintaqasidagi boshqa davlatlar ham “Isroil Qatarda bunday qila olsa, ertaga bizga ham hujum qilmasmikin?” degan savol qo‘ya boshlaydi.

“Isroilliklar bu hujumni amalga oshirgani juda katta xato bo‘ldi. Netanyaxu AQSH standartlari bo‘yicha ham juda uzoq vaqtdan beri hokimiyatda. Vaqt o‘tishi bilan u xohlagan ishini qila oladi, degan ishonchga kirdi” deydi NATOning sobiq oliy qo‘mondoni, admiral Jeyms Stavridis.

Biz mustaqil harakat qildik – Isroil

Ko‘plab amerikalik tahlilchilarning fikricha, AQSHning tinchlik rejasi muhokama qilinayotgan paytda muzokarachilarga qaratilgan hujum – Netanyaxu urushni cho‘zishni istashining yangi isboti. Bosh vazir 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS tomonidan amalga oshirilgan hujumdan keyingi xavfsizlik nuqsonlari yuzasidan o‘tkazilishi kerak bo‘lgan tergovlarni kechiktira oldi. Shu bilan birga, shaxsiy huquqiy muammolarini ham hokimiyatda qolish orqali orqaga surib turibdi.

Isroilning asosiy izohi shunday: u “terroristlar yetakchilarini qayerda bo‘lishidan qat’i nazar ta’qib qiladi.” Netanyaxu mintaqaning turli nuqtalarida urush olib bordi va Livandagi “Hizbulloh”, Yamandagi husiylar va Eronga qarshi vayronkor hujumlar o‘tkazdi. 

“Terror yetakchilari istalgan joyda immunitetdan bahramand bo‘ladigan kunlar tugadi”, dedi Bosh vazir.

Ko‘plab isroilliklar 7 oktyabr hujumlarini nafaqat Isroilga zarba, balki Xolokostdan beri yahudiylarni yo‘q qilishga qilingan eng dahshatli urinish deb hisoblaydi. Biroq ularning ko‘pchiligi endi Netanyaxu G‘azoda olib borayotgan total urushiga qarshi va garovdagilarni kelishuv orqali qaytarish tarafdori.

Netanyaxu hujumni “butunlay mustaqil Isroil operatsiya” deb e’lon qilishda shoshildi – bu bilan u Trampga diplomatik niqob berishni istadi. Ammo Yaqin Sharqda turli to‘qimalar va fitnalarga ishonish odatiy hol. AQSHning “hech narsadan xabarsiz edik” degan bayonotlari ishonchli qabul qilinmaydi, chunki Isroil hujumga 10 ta jangovor samolyot va ularning o‘q-dorilarini (ehtimol, amerikalik ishlab chiqarilgan F-35’lar) tayyorlab qo‘ygan edi.

Ba’zilar Tramp bu hujumga yashirin rozilik berganmi yoki kamida ko‘z yumib qo‘yganmi, deb shubha qiladi.

Oq uy esa shunday dedi: Qatardagi amerikalik harbiylar hujum haqida Trampni ogohlantirgan va u elchi Uitkoffga Qatar hukumatini xabardor qilishni buyurgan. Biroq Qatar hukumati ularga xabar berilganida hujum allaqachon tugagan, poytaxtda esa qo‘rquv tarqalgan edi.

Oq uyning shoshilinch vaziyatni yumshatish harakatlari Trampning “men hech narsa qila olmasdim” degan da’vosini biroz mustahkamladi.

“Qatarda, suveren davlat va AQSHning yaqin ittifoqchisini bunday bir tomonlama bombardimon qilish – u tinchlik uchun biz bilan birga jasorat bilan xavfga qo‘l urayotgan bir paytda – Isroilning ham, Amerikaning ham maqsadlariga xizmat qilmaydi”, dedi Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt.

Bu Tramp ma’muriyatidan Isroilga nisbatan kamyob tanqidlardan biri bo‘ldi.

Prezident Tramp keyinchalik Truth Social’da: “Bu qarorni men emas, Bosh vazir Netanyahu qabul qildi,” deb yozdi. Shu bilan birga, u Davlat kotibi Marko Rubioga Qatar bilan mudofaa hamkorlik shartnomasini yakunlash topshirig‘ini berganini ham bildirdi.

Trampning yangi Air Force One’i masalani murakkablashtirmoqda

Geosiyosiy jihatdan Prezidentning so‘zlariga ishonish mumkin. Biroq bu yerda murakkablik bor: Tramp bu yil boshida Qatardan Air Force One sifatida xizmat qilishi uchun Boeing 747 qabul qilgan. Bu esa oldingi prezidentlik odatlariga zid. Shu sababli amerikaliklarni Tramp bu masalada shaxsiy minnatdorligini emas, balki mamlakatning hayotiy xavfsizlik manfaatlarini hisobga olayotganiga ishontirish qiyin bo‘lishi mumkin. 

Shu bilan birga, Trampning Qatar bilan ishonchini tiklash uchun jiddiy harakatlar kerak bo‘ladi.

Dohada cho‘l hududida joylashgan AQSHning eng katta bazasi – Al Udeyd – mavjudligiga qaramay, Qatar suvereniteti shunday sharmandali buzilishiga to‘sqinlik qilolmadi. Bu holat boshqa Ko‘rfaz davlatlari va dunyo bo‘ylab AQSH ittifoqchilari uchun ham savol tug‘diradi: AQSHning xavfsizlik kafolatlari haqiqatdan ham ishonchlimi?

Nufuz yo‘qotilishi

Qatardagi hujum Yaqin Sharqdagi keng tarqalgan ishonchni yanada mustahkamladi: Tramp Netanyaxu ustidan ta’sirga ega emas. AQSHning Isroilga qaratilgan mudofaa sotuvlari va uning himoyasidagi muhim roliga qaramay, bu holat Trampning ta’sirsizligini ko‘rsatdi.

9 sentyabr kuni Oq uydan Isroil yetakchisiga nisbatan hech qanday jazo choralari haqida gapirilmadi.

Eng jiddiysi – Trampning yangi tinchlik rejasi shubha ostiga qo‘yildi. Unda HAMAS garovdagilarni ozod qiladi, evaziga o‘t ochish to‘xtatiladi, degan reja bor edi. Tramp esa HAMASga kafolat berardi: Isroil kelishuvga amal qiladi. Ammo Dohaga kuppa kunduz kuni qilingan hujum bu va’dani xom gap qilib ko‘rsatdi.

Shu bilan yana Trampning “tinchlik prezidenti” sifatidagi da’vosi savol ostida qoldi. Uning tashqi siyosat jamoasi esa shafqatsiz xalqaro yetakchilarni tushunishda jiddiy ojizligini ko‘rsatib qo‘ydi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Donal'd Tramp Doha Pol'sha Qatar Isroil HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing