Urush tugadi. Biroq Isroil to‘xtamoqchi emas
Tahlil
−
15 iyun 2511 6 daqiqa
Nihoyat, uch oydan ortiq davom etgan AQSH-Isroil va Eron urushi yakunlandi. Rasmiy ravishda AQSH va Eron o‘rtasida tinchlik kelishuviga erishildi. Ushbu kelishuv ko‘prigini avvalgidek Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif qurdi. Shu paytgacha Pokiston vositachiligida AQSH va Eron o‘rtasida sulhga erishish uchun kamida 4 ta diplomatik urinish bo‘lgan. Biroq, tomonlar 19 iyun kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida bo‘lib o‘tadigan kelishuvni intiqlik bilan kutmoqda. Xususan, AQSH prezidenti Donald Tramp “Truth Social” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Eron bilan kelishuv yakunlanganini e’lon qilib, barchani tabriklagan. Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Arroqchi esa, AQSH va Eron o‘rtasidagi kelishuv raqamli tarzda va masofadan turib imzolanishini ma’lum qilgan. Tinchlik kelishuvi, hatto Eron davlat televideniyesi tomonidan e’lon qilindi. Yaqin Sharqdagi hujumlarning yana bir asosiy ishtirokchisi bo‘lgan Isroil yana kelishuvdan norozi ko‘rinmoqda. Bir necha bor aytilgan “Tinchlik kelishuvi” rasman qog‘ozga chiqayotgan bir paytda Isroil Bayrutga zarba berdi. Tramp bu hujumlarni keskin qoralab, Netanyaxuga qattiq tanbeh berdi. Tomonlar va vositachilar kelishuvga erishilganini besh martadan ortiq da’vo qilayotgan bir paytda, Isroilning Livanga hujumlari yana avvalgi ssenariyni eslatmoqda. Xo‘sh, bu safar tinchlik haqiqatan ham o‘rnatiladimi yoki navbatdagi sulh ham qog‘ozda qolib ketadimi?
Urush tugadi: AQSH va Eron kelishib oldi
Pokiston yana AQSH va Eronni yarashtirib qo‘ymoqchi ko‘rinadi. 11 aprel kuni bo‘lib o‘tgan 21 soatlik Islomobod muzokaralaridan “to‘g‘ri xulosa” chiqargan Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif AQSH va Eron o‘rtasida tinchlik kelishuviga erishilganini rasman e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar barcha yo‘nalishlarda, jumladan Livanda ham harbiy harakatlarni zudlik bilan va yakuniy to‘xtatishga kelishib olgan.
AQSH Prezidenti Donald Tramp ham “Truth Social” ijtimoiy tarmog‘ida Eron bilan kelishuv yakunlanganini e’lon qilgan.
“Barchani tabriklayman! Men Hormuz bo‘g‘ozini boj va cheklovlarsiz ochishga hamda AQSH harbiy-dengiz kuchlari tomonidan o‘rnatilgan dengiz blokadasini darhol bekor qilishga ruxsat berdim. Dunyo kemalari, dvigatellaringizni ishga tushiring. Neft oqimi davom etsin”, deya yozgan Tramp.
Keyinchalik u jurnalistlarga Hormuz bo‘g‘ozi Eron bilan kelishuv rasmiy imzolanganidan keyin ochilishini ma’lum qilgan.
Eron Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kozim G‘aribobodiy ham davlat televideniyesiga bergan intervyusida AQSH bilan kelishuv matni yakunlanganini va u 19 iyun kuni Shveysariyada imzolanishini tasdiqlagan.
Uning ta’kidlashicha, kelishuvdan so‘ng 60 kun davomida yakuniy tinchlik shartnomasini ishlab chiqish bo‘yicha muzokaralar olib boriladi. Shu davrda Eron memorandum shartlari bajarilishini qat’iy nazorat qilib boradi.
AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens Jenevadagi imzolash marosimida qatnashishni rejalashtirayotganini, biroq u yerga Prezidentning o‘zi ham borishi mumkinligini aytgan. Eron davlat televideniyesi ham AQSH-Eron tinchlik kelishuvini e’lon qildi.
Isroil kelishuvdan norozi
14 iyun kuni Isroil harbiy-havo kuchlari Bayrutdagi “Hizbulloh” nazorati ostidagi hududlarga yana aviazarbalar berdi. Livan milliy axborot agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, hujum oqibatida 3 kishi halok bo‘lgan, yana 15 kishi jarohatlangan. Hujumdan so‘ng Eron parlamenti spikeri va muzokaralar guruhi rahbari Muhammad Boqir G‘olibof AQSHni tanqid qilib, agar Isroilning hujumlari davom etsa, muzokaralar jarayoni to‘xtab qolishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Biroq, Tel-Aviv bu hujumlarni “Hizbulloh” kuchlari tomonidan amalga oshirilgan raketa hujumlariga javob sifatida izohladi. AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan telefon orqali muloqot chog‘ida uning Bayrutga bergan zarbasidan keskin noroziligini bildirganini ma’lum qildi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Isroil Livan poytaxtiga hujumni AQSH va Eron o‘rtasida urushni yakunlashga qaratilgan memorandum imzolanishi kutilgan paytda amalga oshirgan. Shu sabab u Netanyaxu bilan suhbatda: “Nima qilayotganingni o‘ylayapsanmi?” deya keskin tanbeh bergan.
AQSH Prezidenti Netanyahu harakatidan g‘azablanganini bildirib, uning “to‘g‘ri qaror chiqarish qobiliyati yo‘qligini” aytgan. Tramp, shuningdek, Isroil tomonini “Hizbulloh”ga qarshi yangi hujumlarni amalga oshirmaslikka chaqirgan.
Uning ta’kidlashicha, AQSH va Eron o‘rtasidagi kelishuv o‘sha kuni imzolanishi kerak bo‘lgan, biroq Isroilning Bayrutga bergan zarbasi bu jarayonni kechiktirgan.
Trampning bu ogohlantirishiga javoban Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu mamlakatning Livandagi harbiy operatsiyasi davom etishini ma’lum qildi. Isroil OAVlarining xabar berishicha, Isroil o‘z qo‘shinlarini Livandan olib chiqmaydi va o‘zini Eron kelishuvidagi Livan bandiga bog‘liq deb hisoblamaydi. Isroil milliy xavfsizlik vazirining ta’kidlashicha, AQSH-Eron kelishuvi Isroilga taalluqli emas, Isroil esa AQSHga bo‘ysunmaydi.
“Trampning kelishuvi bizni majburlamaydi. Isroil AQSHga bo‘ysunmaydi va biz mustaqil hamda suveren davlatmiz! Yana bir bor ta’kidlaymiz: biz AQSHni sevamiz va Prezident Trampdan minnatdormiz. Shunga qaramay, Isroil davlati banan (tashqi kuchlarga juda bog‘liq) Respublikasi emas”, – dedi Isroil Milliy xavfsizlik vaziri.
Tinchlik kelishuviga bo‘lgan dunyo munosabati
Dunyo yetakchilari bu xabarni olqishladilar. Xususan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida AQSH va Eron o‘rtasidagi kelishuvni mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholagan.
“Butun dunyo uzoq vaqtdan beri intizorlik bilan kutgan ushbu xabar mintaqamizda doimiy tinchlik va xavfsizlik muhitini qaror toptirishga yo‘l ochadi, deb chin dildan umid qilaman,” – deb yozdi Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an X tarmog‘ida.
“Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish AQSH va Eronni tinchlik bitimi” deb atagan hujjatga erishganlari bilan tabrikladi va bu urushayotgan davlatlar uchun “doimiy o‘t ochishni to‘xtatish” rejimini anglatishini aytdi.
“Bu mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish sari qo‘yilgan muhim qadamdir”, – dedi u.
Qatar Tashqi ishlar vazirligi yakshanba kuni ushbu kelishuvni “barqaror tinchlikni mustahkamlash va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish yo‘lidagi muhim qadam” sifatida baholadi. Vazirlik, shuningdek, bu jarayon Yaqin Sharqda taranglikni kamaytirish va tomonlar pozitsiyalarini bir-biriga yaqinlashtirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Fransiya Prezidenti Emmanuyel Makron ham mintaqadagi taranglikni yumshatish hamda bo‘g‘ozning qayta ochilishi ortidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy ijobiy ta’sirlarni qo‘llab-quvvatladi.
“Dengiz qatnovining hech qanday cheklovlar yoki to‘lovlarsiz qayta tiklanishi mintaqaviy barqarorlik va jahon iqtisodiyoti uchun muhim shartdir”, – deb yozdi Makron X tarmog‘ida.
Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, AQSH va Eron bir necha haftadan buyon kelishuvga yaqinlashayotgandek ko‘rinayotgan edi. Biroq bo‘g‘ozni qayta ochish masalasi ikki davlat o‘rtasidagi muzokaralarning eng asosiy va bahsli nuqtasiga aylandi. Eron o‘tgan oyda bunga qisqa muddatga rozi bo‘lib, ushbu yo‘nalishga tayanadigan Fors ko‘rfazi davlatlarining neft savdosiga ma’lum darajada yengillik yaratgan edi.
“Tichlik kelishuvi” haqidagi xabarni eshitish yaxshi, bu kelishuv ziddiyatli ikki tomon orqali tasdiqlashi undan ham yaxshi ammo hujumlar ortidagi minglab qurbonlar haqidagi statistika urushda naqadar daxshatli ekanligini anglatadi. Eng ko‘p qurbonlar Eron va Livanda qayd etilgan.
AQSHda joylashgan HRANA inson huquqlari guruhi (tashkiloti) ma’lumotlariga ko‘ra, fevral oyi oxirida AQSH va Isroil tomonidan boshlangan hujumlardan so‘ng, mintaqadagi mojaro kengayib, Eronda 3600 dan ortiq odam halok bo‘lgan. Ularning 1700 dan ortig‘i tinch aholi vakillari hisoblanadi.
Shuningdek, Livanda 3700 dan ortiq kishi, Fors ko‘rfazi mamlakatlarida 36 kishi, Isroilda esa, 20 kishi halok bo‘lgan. Bundan tashqari, AQSHning 13 nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘ldi.
Live
Barchasi