Trampni “falastinlik” so‘zini haqorat sifatida ishlatganlikda ayblashdi
Olam
−
13 mart 2025 5876 2 daqiqa
AQSHning musulmon va yahudiy jamoat tashkilotlari mamlakat Prezidenti Donald Trampni “falastinlik” so‘zini haqorat sifatida ishlatganlikda aybladi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Tramp jurnalistlar bilan uchrashuvda kongressmenlar oldidagi nutqiga salbiy munosabat bildirgani uchun AQSH Senatidagi Demokratik partiya yetakchisi Chak Shumerni tanqid qilgan.
“Mening bilishimcha, Shumer – falastinlik. U falastinlik bo‘ldi. Ilgari u yahudiy edi, endi u yahudiy emas, u falastinlik”, deb aytgan Tramp jurnalistlarga.
AQSHning eng yirik yahudiy inson huquqlari tashkiloti – Tuhmatga qarshi kurash ligasi (ADL) tanqidiy bayonot berib, AQSH Prezidentining vakolatlari unga “kim yahudiy va kim yahudiy emasligini” aniqlash huquqini bermasligini ta’kidlagan.
Qolaversa, mamlakatdagi eng yirik musulmon nodavlat tashkiloti bo‘lgan Amerika-Islom munosabatlari kengashi (CAIR) ham Trampning so‘zlarini qoralab, u falastinliklarni chetga surib qo‘yganini ta’kidlagan va Prezidentni kechirim so‘rashga chaqirgan.
“Prezident Trampning “falastinlik” atamasini irqiy haqorat sifatida qo‘llashi g‘azablantiradi va o‘z lavozimi sha’niga to‘g‘ri kelmaydi,” degan tashkilot rahbari.
Shuningdek, Trampni amerikalik musulmonlar va yahudiylarning boshqa yirik jamoat birlashmalari ham tanqid qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Falastinning HAMAS harakati vakili Hazim Qosim “Anadolu”ga bergan intervyusida AQSH Prezidenti Donald Trampning so‘nggi bayonotlari G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni amalga oshirish va asirlarni almashish bilan bog‘liq vaziyatni sezilarli darajada murakkablashtirishi mumkinligi haqida gapirgandi.