Tramp jamoasi Grenlandiyani qo‘shib olish xarajatlarini hisoblamoqda – WP
Olam
−
02 aprel
2697AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Grenlandiyani AQSH shtati sifatida qo‘shib olish uchun kutilayotgan xarajatlar smetasini tayyorlamoqda. Bu haqda kecha, 1 aprel kuni o‘z manbalariga tayanib, “The Washington Post” gazetasi xabar berdi.
Nashrning uch manbasiga ko‘ra, AQSH ma’muriyati barcha mumkin bo‘lgan xarajatlarni, jumladan, orolning 58 ming aholisiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish xarajatlarini hisobga olishga harakat qilmoqda.
Shuningdek, mineral resurslarni qazib olishdan federal byudjetga tushishi mumkin bo‘lgan daromadlar tahlili o‘tkazilmoqda: prognozlar og‘ir ob-havo sharoiti va orolga kirish imkoni yo‘qligi bilan murakkablashadi.
Ko‘rib chiqilayotgan variantlardan biri Grenlandiya hukumatiga mintaqani yiliga taxminan 600 million dollar miqdorida subsidiya qiladigan Daniya hukumatidan yaxshiroq taklif berishdir.
Tramp Grenlandiya AQSHga qo‘shilishi kerakligini bir necha bor aytgan. U Daniya oroldan voz kechmasa, unga yuqori savdo bojlari qo‘yish bilan tahdid qildi. Hatto birinchi prezidentlik davrida Tramp Grenlandiyani sotib olishni taklif qilgan. Daniya va Grenlandiya hukumati bu fikrni rad etgan.
Grenlandiya avtonom hudud sifatida Daniya tarkibiga kiradi. 1951 yilda Vashington va Kopengagen o‘zlarining NATO majburiyatlariga qo‘shimcha ravishda shartnoma imzolagan. Unga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar orolni agressiyadan himoya qilish majburiyatini oldi.
Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp 13 mart kuni Oq uyda NATO Bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvda AQSH Grenlandiyani anneksiya qilishiga ishonchi komil ekanini aytgandi.
LiveBarchasi