Tramp va Si Szinpin qachon uchrashishi ma’lum bo‘ldi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp 30 oktyabr kuni Janubiy Koreyaning Pusan shahrida Xitoy Raisi Si Szinpin bilan uchrashadi. Bu haqda Trampning matbuot kotibi Kerolayn Livitt ma’lum qildi.

Livittning so‘zlariga ko‘ra, Tramp 24 oktyabr kuni Malayziyaga jo‘naydi va mahalliy vaqt bilan 26 oktyabr kuni ertalab yetib boradi. U mamlakat Bosh vaziri Anvar Ibrohim bilan uchrashadi va ASEAN yetakchilarining ishchi kechki ovqatida ishtirok etadi. 

27 oktyabr kuni Tramp Tokioga boradi va u yerda 28 oktyabr kuni Yaponiyaning yangi Bosh vaziri Sanae Takaiti bilan uchrashadi. 29 oktyabr kuni Tramp Pusanga uchib ketadi va u yerda Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon bilan muzokaralar o‘tkazadi. Shuningdek, Oq uy rahbari Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammitida nutq so‘zlaydi. 

“Mahalliy vaqt bilan 30 oktyabr kuni Prezident Vashingtonga qaytishdan oldin Xitoy Raisi Si Szinpin bilan ikki tomonlama uchrashuvda ishtirok etadi”, degan Livitt. 

Ma’lumot uchun, APEC 1989 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 21 ta mamlakat iqtisodiyotini birlashtiradi. U xalqaro tashkilot maqomiga ega bo‘lmasa-da, mintaqada savdo hamkorligini rivojlantirish uchun muhim maydon hisoblanadi. 2025 yilda sammitga raislik qilish huquqi Janubiy Koreyaga o‘tgan.

Qayd etish joiz, Trampning Oq uyga qaytishidan so‘ng, 2025 yilning bahorida AQSH-Xitoy munosabatlari keskin sovuqlashib ketdi. Vashington Xitoy mahsulotlariga bojlarni keskin oshirdi, Pekin ham xuddi shunday javob berdi. May-iyun oylarida Jeneva va Londonda bir necha raundlik muzokaralar bo‘lib o‘tdi va tomonlar 90 kunga bojlarni kamaytirishga kelishib, vaqtinchalik sulhga erishdi. Ammo keyinchalik muzokaralar yana boshi berk ko‘chaga kirib qoldi va tomonlar bir-birini shartlarni buzishda aybladi.

Avgust oyida Xitoy AQSHni “sovuq urush mentalitetida” aybladi va Vashington bosimi fonida o‘z manfaatlarini himoya qilishga tayyor ekanini bildirdi. AQSH Moliya vaziri Skott Bessant esa sulh bo‘yicha jarayon sekinlashganini qayd etdi hamda yangi kelishuv uchun ikki davlat rahbarlarining bevosita ishtiroki zarurligini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, Tramp joriy yilning 1 noyabridan Amerika Qo‘shma Shtatlari Xitoyga nisbatan qo‘shimcha 100 foizlik boj to‘lovi joriy etishi haqida ma’lum qilgandi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, bu chora Xitoy tomonidan 1 noyabrdan boshlab deyarli barcha ishlab chiqarilgan mahsulotlarga nisbatan joriy etilishi rejalashtirilayotgan eksport cheklovlariga javob bo‘ladi. Ikki mamlakat rahbarining uchrashuvlari bu choralar joriy etilishidan oldin bo‘lib o‘tishini hisobga olsak, muloqot ijobiy o‘tgan taqdirda, bojlar ham o‘z-o‘zidan bekor qilinishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Janubiy Koreya Si Tszin'pin Pusan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing