Tramp Ukrainaning Rossiyaga zarba berishini qo‘llab-quvvatladi – OAV

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukraina armiyasining Moskvaga zarba berish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi va buni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan uzoq masofali qurollarni yetkazib berishga qaror qildi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Financial Times” xabar berdi.

Nashr manbalariga ko‘ra, Tramp joriy yilning 4 iyul kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali suhbat chog‘ida ushbu qarorga kelgan. 

Qayd etilishicha, Tramp Zelenskiydan Moskva hamda Sankt-Peterburgga zarba bera olishi haqida so‘ragan. Zelenskiy esa buning imkoni borligi, faqatgina bu uchun AQSH Ukrainaga kerakli miqdorda qurol yetkazib berishi kerakligi haqida aytgan. 

Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, Tramp bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan, chunki u Rossiya faqat shunday zarbalardan og‘riq his qilibgina muzokara stoliga o‘tirishga majbur bo‘ladi, deb hisoblagan. 

Gazetaning qo‘shimcha qilishicha, o‘tgan hafta Rimda Ukraina Prezidenti Zelenskiy Pentagon vakillari va NATOdagi vositachilar bilan uchrashuv chog‘ida ulardan “uzoq masofali zarba tizimlari” ro‘yxatini olgan. Bu tizimlar AQSHdan bevosita emas, balki uchinchi davlatlar orqali Ukrainaga yetkazilishi mumkin. Gap, jumladan, Tomahawk rusumli qanotli raketalar yoki allaqachon Ukraina Qurolli kuchlari tasarrufida bo‘lgan ATACMS raketalarini Rossiyaga qarshi to‘liq masofada ishlatishga ruxsat berish haqida borgan.

Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda Donald Tramp Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berishni boshlashini aytgan, bu xarajatlarni esa Yevropa davlatlari qoplashini bildirgan. Jumladan, u yaqin kunlarda Kiyevga 17 ta Patriot zenit-raketa majmuasi yuborilishini rejalashtirayotganini e’lon qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Oq uyda NATO Bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvda agar yaqin 50 kun ichida Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha kelishuvga erishilmasa, AQSH rasmiylari Rossiyaning savdo hamkorlariga 100 foizlik ikkilamchi bojlar joriy qilishi haqida gapirgandi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa AQSH Prezidentining Rossiyadan olib kiriladigan tovarlarga 100 foizlik boj joriy qilish haqidagi tahdidini “jiddiy” deb baholadi. Peskovning ta’kidlashicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bu borada shaxsan izoh berishi mumkin, ammo hozircha uning pozitsiyasini kutish lozim.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Sankt-Peterburg Moskva Donal'd Tramp Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing