Tramp talabalar va jurnalistlar uchun viza berishni qiyinlashtirmoqchi
Olam
−
17 iyul 1340 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati xorijlik talabalar, madaniy almashinuv dasturi ishtirokchilari va jurnalistlar uchun viza qoidalarini qat’iylashtirishga qaror qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, AQSH Ichki xavfsizlik departamenti qabul qilgan yangi qoidaga ko‘ra, F toifasidagi talabalar vizasi va J toifasidagi madaniy almashinuv vizasining amal qilish muddati ko‘pi bilan to‘rt yil etib belgilanadi. Ilgari ushbu vizalar o‘qish yoki dastur davomiyligiga qarab amal qilar edi.
Shuningdek, xorijiy OAV vakillari uchun beriladigan I toifadagi vizaning amal qilish muddati 240 kun bilan cheklanadi. Xitoy fuqarosi bo‘lgan jurnalistlar uchun esa bu muddat 90 kunni tashkil etadi.
Yangi tartib rasmiy reyestrda e’lon qilinganidan so‘ng 60 kun ichida kuchga kiradi. Biroq u Kongress tomonidan ko‘rib chiqilishi ham mumkin.
Ma’lum qilinishicha, yangi qoidalar talabalar uchun ham qo‘shimcha cheklovlarni nazarda tutadi. Xususan, magistratura talabalariga tegishli ruxsatsiz o‘qish yo‘nalishini o‘zgartirish yoki boshqa oliy ta’lim muassasasiga ko‘chish taqiqlanadi. Shuningdek, o‘qish yoki amaliyot yakunlanganidan keyin AQSHni tark etish uchun berilgan muhlat 60 kundan 30 kunga qisqartiriladi.
Shu bilan birga, viza egalari belgilangan muddat tugagach mamlakatda qolishni istasa, muddatni uzaytirish uchun alohida murojaat qilishi yoki AQSHdan chiqib, qaytadan kirish orqali yangi ruxsat olishi kerak bo‘ladi.
2024 yilda mamlakatga 1,8 milliondan ortiq talabalar vizasi bilan kirish qayd etilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 11 foizga ko‘p. Shuningdek, 500 mingdan ziyod madaniy almashinuv ishtirokchilari va 37,3 ming nafar xorijiy jurnalist AQSH vizasini olgan. Departament bunday tashrif buyuruvchilar sonining keskin ortishi ularning mamlakatda bo‘lishini nazorat qilishni qiyinlashtirayotganini bildirgan.
Yangi tartib Xitoyning noroziligiga ham sabab bo‘ldi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi AQSHning mazkur qarorini “kamsituvchi” deb atab, uni zudlik bilan bekor qilishga chaqirgan hamda javob choralarini ko‘rish huquqini saqlab qolishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 iyun kuni AQSH Oliy sudi federal chegara xizmati xodimlariga grin-kartaga ega bo‘lgan ayrim shaxslarni ham deportatsiya qilish imkonini beruvchi qaror qabul qilgan edi.
Live
Barchasi