Tramp tahdidi fonida Si Szinpin Hindiston yetakchisiga sirli maktub yo‘lladi
Olam
−
28 avgust 5187 2 daqiqa
Joriy yilning mart oyida Xitoy rahbari Si Szinpin Hindiston Prezidenti Draupadi Murmuga maxfiy maktub yo‘lladi. Bu haqda manbalariga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, ushbu sirli maktub AQSHning Xitoy mahsulotlariga qarshi bojlar joriy qilganidan so‘ng yo‘llangan. Bu xat Hindiston va Xitoy o‘rtasidagi muzokaralarga yangi eshik ochish va munosabatlarni yaxshilash maqsadida yozilgan. Unda Pekin AQSH bilan har qanday kelishuv Xitoy manfaatlariga zarar yetkazishi mumkinligidan xavotir bildirgan. Xabar qilinishicha, maktub Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining qo‘liga ham yetkazilgan.
Xat yuborilgach, Si Szinpin chiqish qilib, ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni “tango raqsi”ga qiyoslagan. Iyun oyida esa, Hindiston hukumati ham Pekin bilan aloqalarni yaxshilash bo‘yicha faol qadamlar tashlay boshlagan. Avgust oyida esa ikki davlat o‘zaro chegara masalalarini hal etish bo‘yicha kuchlarni ikki baravar oshirishga kelishgan. Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I avgust o‘rtalarida Nyu-Dehliga tashrif buyurgan. Ushbu tashrif doirasida tomonlar aviareyslarni qayta tiklash va yangi havo qatnovlari kelishuvini imzolash bo‘yicha muzokara olib borgan.
Shuningdek, Xitoy Hindistonning 2026 yilda BRICS sammitini o‘tkazishini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan, Hindiston esa 2027 yilda Xitoy sammitiga xuddi shunday yordam berishga va’da qilgan.
Bu voqealarning barchasi AQSH va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi fonida kechmoqda. AQSH fevraldan boshlab Xitoy mahsulotlariga boj qo‘ya boshlagan va aprelga kelib ularning miqdori 145 foizga yetgan. Xitoy ham qo‘lni cho‘ntakka solganicha jim turmay, AQSHga javob qaytargan. U turli maxsulotlarga bojni 125 foizgacha oshirgan. May oyida tomonlar vaqtinchalik kelishuvga erishib, bojlarni sezilarli darajada kamaytirgan bo‘lsa-da, Tramp tez orada Pekinni kelishuvni buzishda ayblagan.
25 iyunda AQSH va Xitoy yangi savdo bitimi imzolagani e’lon qilindi, biroq Tramp keyingi kelishuvlar faqat ayrim davlatlar bilan bo‘lishini ta’kidlagan. Shu jarayonda AQSH “miltiq”ni Hindistonga qaratdi va Rossiya neftini import qilgani uchun Nyu-Dehliga qarshi qo‘shimcha boj choralarini joriy qildi. Avval 25 foizlik boj kiritilgan bo‘lsa, 27 avgustdan boshlab umumiy tarif 50 foizga yetdi.
Shu tariqa, Si Szinpinning sirli maktubi ikki yirik davlat – Hindiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarga yangi yo‘l ochib berdi, ammo u global savdo urushi va AQSHning bosim siyosati fonida yanada murakkab tus olmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindiston Tashqi ishlar vazirligi AQSH va Yevropa Ittifoqining Rossiyadan neft importi bo‘yicha tanqidlarini “asossiz va mantiqsiz” deb atagandi. Vazirlikka ko‘ra, g‘arbliklarning o‘zi ham Rossiya bilan aloqalarni uzmagan va hozirgacha sherikchilik qilib keladi.
Live
Barchasi