Tramp sud qilinadigan sana e’lon qilindi
Olam
−
22 iyul 2023 5148 1 daqiqa
AQSHning sobiq Prezidenti Donald Tramp ustidan maxfiy hujjatlarni noqonuniy saqlash ishi bo‘yicha sud jarayoni kelgusi yilning 20 mayidan boshlanadigan bo‘ldi. Bunday qarorni Florida shtati, Fort-Pirs shahar okrugi sudyasi Eylin Kanno chiqardi.
Trampning matbuot kotibi sud jarayoni uchun belgilangan sana sobiq prezident va uning yuridik jamoasiga jinoiy ishga qarshi kurashni davom ettirish imkonini berishini aytgan bo‘lsa, uning advokatlari ushbu sanaga norozilik bildirib, mijoziga qarshi har qanday sud jarayoni 2024 yil noyabrda bo‘lib o‘tadigan AQSH prezidentlik saylovlaridan keyingina o‘tkazilishi kerakligini ta’kidlagan.
Qayd etish joizki, shu yilning 8 iyun kuni Trampga sakkizta band bo‘yicha ayblov e’lon qilingan. Prokuraturaning fikricha, sobiq prezident undan maxfiy hujjatlarni qaytarib olishga uringan amaldorlarga materiallarni shaxsan o‘zi topshirmoqchiligini aytib, yolg‘on gapirgan. Shundan so‘ng Tramp aybini tan olishdan bosh tortgan.
Ma’lumot uchun, AQSHning sobiq rahbari Oq uyni tark etayotgan vaqtda maxfiy hujjatlar solingan o‘nlab qutilarni o‘zi bilan olib ketgan va ularni Palm-Bichdagi (Florida shtati) Mar-a-Lago qarorgohida saqlagan. Tramp maxfiy hujjatlar solingan qutilarni uyining turli joylarida, jumladan, bal o‘tkaziladigan zal, yuvinish xonasi va dush, hojatxona, yordamchisining xonasi, yotoqxona va oshxonada saqlagan. Shu sababli AQSH sobiq Prezidenti maxfiy hujjatlar bilan ishlash qoidalarini buzganlikda ayblanmoqda.
Live
Barchasi