Tramp Nobelsiz qolsa, nima bo‘ladi?

Olam

image

Norvegiyaning Oslo shahridagi Nobel qo‘mitasi bugun, 10 oktyabr kuni 2025 yilgi Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorini e’lon qiladi. Eng ko‘p muhokama qilinayotgan va e’tibor markazida turgan nomzod – AQSH Prezidenti Donald Tramp, biroq uning g‘olib bo‘lish imkoniyatlari hozircha noaniq. QALAMPIR.UZ Trampning ushbu mukofotga qanchalik loyiqligi va u mukofotsiz qolsa, Norvegiyaga nima bo‘lishi haqidagi tahminlarni jamladi. 

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, bu yil mukofot uchun 338 nafar nomzod ko‘rsatilgan, shulardan 94 tasi turli tashkilotlardir.

Bu Trampning mukofotga birinchi nomzodligi emas – u birinchi prezidentlik davrida uch marta nomzod sifatida ko‘rsatilgan, biroq biror marta ham g‘oliblar safida turmagan.

Tramp sentyabr oyida BMT Bosh assambleyasida so‘zlagan nutqida, yetti oy ichida “yetti xil mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilganini” alohida ta’kidlagan edi. U, xususan, Serbiya va Kosovo o‘rtasidagi vaziyat haqida gapirib, AQSH urushni boshlanmasidan to‘xtatganini aytgan, ammo Prezident bu fikrni tasdiqlovchi dalillar keltirmagan.

Shuningdek, Norvegiya hukumati Tinchlik mukofotini Tramp emas, boshqa bir nomzod olgan taqdirda, Tramp Norvegiyaga qarshi boj yoki boshqa chora-tadbirlar kiritishidan xavotirda ekani haqida xabarlar urchidi. OAVning ta’kidlashicha, Oslodagilarning juda kichik qismi Nobel qo‘mitasi inson huquqlari faoli, tashqi siyosat bo‘yicha ekspert va uch sobiq vazirdan iborat hay’at Trampni g‘olib deb tanlaydi, degan o‘yda. Bu esa Trampning bosim haqidagi shubhalarni yanada tiniqlashtiradi. 

Mukofotga boshqa nomzodlar ham bor – Yevroparlament deputati Branko Grims amerikalik tadbirkor Ilon Maskni “so‘z erkinligini himoya qilgani va tinchlik g‘oyalarini ilgari surgani” uchun nomzod sifatida taklif qilgan. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, Trampning sobiq yaqini ham mukofotga da’vogarlar qatorida. Bundan tashqari, Pokistonda qamoqda o‘tirgan sobiq bosh vazir Imron Xon ham ikkinchi marta Nobel Tinchlik mukofotiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan. 

Qo‘mita, agar zarur deb hisoblasa, mukofotni bu yil topshirmaslikka ham qaror qilishi mumkin – tarixda bunday holat 19 marta kuzatilgan, oxirgisi 1972 yilda sodir bo‘lgan.

Alfred Nobel vasiyatiga ko‘ra, bu mukofot xalqlar o‘rtasidagi birdamlikni mustahkamlash, qullikni tugatish, armiyalar sonini kamaytirish va tinchlik bitimlarini rivojlantirishga hissa qo‘shgan shaxsga topshiriladi.

Tanlov uchun arizalar 31 yanvarda yopilgan, biroq butun baholash jarayonida yana Trampning nomi muhokama markazida bo‘ldi. Uning o‘zi ham bu mukofotni olish istagini yashirmadi, o‘zini tinchlik o‘rnatishda asosiy rol o‘ynagan shaxs sifatida ko‘rsatdi. U bu borada norveg amaldorlariga telefon qilib, o‘z nomzodini ochiqcha ilgari surdi. Bu tashviqot, ayniqsa, Isroil va HAMAS o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish bitimi ortidan kuchaydi. Trampning o‘g‘li Erik Tramp ham ijtimoiy tarmoqlarda “Agar Donald Trampni Nobel mukofotiga loyiq deb hisoblasangiz, repost qiling” degan post joylashtirdi. O‘sha paytda Oq uyning rasmiy sahifasi Trampning surati bilan “Tinchlik Prezidenti” deb yozilgan postni e’lon qildi. Bu ham tarix zarvaraqlarida qolishni istagan Trampning kichik siyosati bo‘lishi mumkin. Hattoki, OAVda uning mukofotga erishish uchun kampaniya olib borayotgani ham sizdirildi.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Oq uyda Tramp nomzodi uchun yozilgan maktubni ko‘rsatgan, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Tramp bu mukofotga loyiq ekanini aytgan, Pokiston hukumati ham uni nomzod sifatida ko‘rsatgan va Tramp tomonidan maqtovga sazovor bo‘lgan. Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb Trampning so‘nggi yillardagi faoliyatini “ta’sirli” deb baholagan.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa, agar Tramp Ukrainaga Tomahawk raketalarini yuborsa, uni Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatishini aytgan. Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha elchisi Stiv Uitkoff esa: “Men faqat Nobel qo‘mitasi Trampni tarixdagi eng munosib nomzod sifatida tan olishini xohlayman”, degan. Umuman olganda, Tramp bu mukofotga loyiqligini dunyo yetakchilarining ongiga allaqachon singdirib bo‘lgan.

Shunga qaramay, Norvegiya Nobel qo‘mitasi raisi Yorgen Vot ne Fryudnes Trampning bosimlari foydasizligini aytib, mukofot haqidagi qaror 9 oktyabrda Isroil va HAMAS o‘rtasidagi “tarixiy” kelishuvdan oldin qabul qilinganini bildirgan. Demak, bu voqea keyingi yilda e’tiborga olinadi. Mutaxassislarning fikricha, Trampning bu yil mukofot olishi ehtimoli juda past va bu AQSH Prezidenti tomonidan “hurmatsizlik” deb qabul qilinishi mumkin.

Ekspertlarning fikricha, agar Tramp mukofot olmasa, u Norvegiyani jazolashi, bojlar joriy qilishi, NATO to‘lovlarini oshirishni talab qilishi yoki hatto Osloni “dushman” deb e’lon qilishi mumkin. Bunday holat tarixda bir necha nomzodlar bilan ham gavdalangan.

Norvegiyaning Tashqi siyosat instituti eksperti Shteyn Tenneson Trampning Nobel mukofotiga haddan tashqari bog‘liqligini uning “katta ego va ambitsiyasi” bilan izohlagan. U Trampning “agar mukofot olmasam, bu AQSHga haqorat bo‘ladi” degan gapini xavfli deb atagan va Tramp haqiqatan ham Norvegiyani jazolashga urinishi mumkinligini istisno etmagan.

Norvegiyalik siyosiy sharhlovchisi Harald Stanghelle esa agar Tramp haqiqatan ham javob chorasi ko‘rsa, bu bojxona siyosatiga, NATO badallariga yoki hatto Norvegiyani “dushman” sifatida ko‘rsatishga olib kelishi mumkinligini aytgan. Hozir Norvegiya AQSH bilan savdo kelishuvi bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda, u orqali 15 foizlik bojlarni kamaytirishni istaydi. Ammo Trampning Nobelga bo‘lgan reaksiyasi bu muzokaralarni xavf ostiga qo‘yishi mumkin.
Mutaxassislar Norvegiyaning 2 trillion dollarlik suveren jamg‘arma fondi aktivlarining qariyb 40 foizi AQSHda joylashganini eslatib, Tramp bu omilni ham “jazolash vositasi” sifatida ko‘rishi mumkinligini aytmoqda.

Shunga qaramay, Tramp NATOdagi ittifoqchilar orasida Norvegiyani muhim deb biladi. U Arktika mintaqasini strategik xavfsizlik hududi deb hisoblaydi. Shu bois, Trampning Osloga qarshi haqiqiy sanksiyalar joriy etishi ehtimoli past bo‘lishi mumkin. Biroq Norvegiyada hali ham xavotir mavjud.

Umuman olganda, mukofot uchun da’vogarlik qilayotgan Oq uy yetakchisi bu yil quruq qo‘l bilan qolishi mumkin. Buning oxiri esa Norvegiyaga katta muammolar yetaklab keladi. Dunyo Trampni qanchalik mukofotga loyiq deb hisoblanmasin, mutaxassislar Trampning qilganlari “vaqtinchalik” ekanini urg‘ulamoqda. Xullas, bugun, 10 oktyabr kuni hammasi hal bo‘ladi – yo Tramp xursand bo‘ladi, yoki Norvegiyaning boshiga balolar yog‘iladi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Isroil Norvegiya Nobel' Ilon Mask HAMAS Oslo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing