Eron sulhni uzaytirishdan bosh tortdi
Olam
−
12:11 3696 2 daqiqa
Tehron rasmiylari AQSH Prezidenti Donald Trampdan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirishni so‘ramadi. Bu haqda “Tasnim” xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, Tehron Trampni “urushda yutqazgan tomon” deb hisoblaydi va u harbiy yo‘l bilan natijaga erisha olmasligini tushunib, mojarodan chiqishni eng maqbul yo‘l deb bilmoqda.
Eron rasmiylarining fikricha, sulh uzaytirilgan taqdirda ham AQSH va Isroil Tehronga qarshi ehtimoliy terroristik hujumlar rejalashtirishi mumkin. Bu xavf Tehron tomonidan jiddiy ko‘rib chiqilmoqda.
Shuningdek, AQSH tomonidan Hormuz bo‘g‘ozida dengiz blokadasining davom etishi mojaroning cho‘zilishiga olib kelishi mumkinligi aytilgan. Eron bu suv yo‘lini ochmasligini va zarurat tug‘ilsa, uni kuch bilan ochib o‘tishga tayyorligini bildirgan.
21 aprel kuni Eron AQSH bilan muzokaralarning yangi bosqichi uchun Pokistonga borishdan bosh tortgan. Bunga AQSH tomonidan sulh buzilgani va Vashingtonning haddan tashqari talab qo‘ygani sabab sifatida ko‘rsatilgan.
Shunga qaramay, Tramp sulhni muddatsiz uzaytirganini e’lon qilgan. U buni Pokiston rasmiylarining iltimosi bilan amalga oshirilganini aytgan.
Eron parlamenti spikeri maslahatchisi Mahdiy Muhammad esa sulhni uzaytirishning ma’nosi yo‘qligini bildirgan. Uning fikricha, “yutqazgan tomon shart qo‘ya olmaydi” va blokadani davom ettirish bombardimon bilan bir xil bo‘lib, bunga harbiy javob berilishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Eron bilan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirish haqida buyruq bergandi. U AQSH Qurolli kuchlariga Hormuz bo‘g‘ozidagi blokadani davom ettirish, jangovar tayyorgarlikni saqlab turish va muzokaralar yakuniga qadar sulhni uzaytirishni buyurgan.
Live
Barchasi