Tramp Netanyaxu bilan G‘azodagi sulhning 2-bosqichini kelishib olmoqchi
Olam
−
29 dekabr 2025 1124 3 daqiqa
Bugun, 29 dekabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu uchrashuv o‘tkazishi rejalashtirilgan. Uchrashuvning asosiy mavzusi G‘azodagi sulh kelishuvining ikkinchi bosqichini kelishib olish bo‘ladi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Qayd etilishicha, muzokaralar Trampning Florida shtatidagi Mar-a-Lago qarorgohida bo‘lib o‘tadi. Isroil va HAMAS o‘rtasida erishilgan dastlabki sulh oktyabr oyidan buyon amalda bo‘lsa-da, so‘nggi paytlarda o‘zaro ayblovlar fonida jarayon deyarli to‘xtab qolgan. Tomonlar bir-birini sulh shartlarini buzishda ayblamoqda. Shu bilan birga, AQSH ayrim masalalarda Tel-Avivni sustkashlikda ayblayotgani aytilmoqda.
Sulh tashabbusining birinchi bosqichi HAMAS boshchiligida 2023 yil 7 oktyabr kuni amalga oshirilgan hujumning ikki yilligi arafasida boshlangan. Ikkinchi bosqich esa Tramp tomonidan taklif etilgan, 20 banddan iborat murakkab rejani o‘z ichiga oladi. BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan ma’qullangan ushbu reja HAMASning G‘azodagi hukmronligiga barham berishni ko‘zda tutadi.
Muzokaralarda G‘azoga bevosita aloqador bo‘lmagan masalalar, jumladan, Eron mavzusi ham ko‘tarilishi mumkin. Tramp iyun oyida AQSH tomonidan Eron yadroviy ob’ektlariga berilgan zarbalardan so‘ng Tehronning yadroviy salohiyati “to‘liq va batamom yo‘q qilinganini” ta’kidlashda davom etmoqda. Biroq, Netanyaxu Eron tomondan tahdid saqlanib qolayotganini aytib, qo‘shimcha zarbalar berish zarurligini ilgari surmoqda.
Ikkinchi bosqich doirasida Tramp boshchiligidagi va “Tinchlik kengashi” nomi bilan tanilgan guruh tomonidan xalqaro nazorat ostida qurolsizlantirilgan G‘azoni qayta tiklash rejalashtirilgan. Falastinliklar esa G‘azodagi kundalik boshqaruvni amalga oshirish uchun “texnokratik va siyosatdan xoli” qo‘mita tuzishi ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, ushbu tashabbus Isroil va arab davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish hamda Falastin mustaqilligiga erishish yo‘llarini izlashni nazarda tutadi. Biroq, urushdan vayron bo‘lgan G‘azoni tiklash, HAMASni qurolsizlantirish va “xalqaro barqarorlashtirish kuchlari”ni shakllantirish kabi murakkab logistika va gumanitar masalalar saqlanib qolmoqda.
“Tinchlik kengashi” ikki yil muddatga mo‘ljallangan va yangilanishi mumkin bo‘lgan BMT mandati asosida G‘azoni tiklash jarayonini nazorat qilishi kutilmoqda. Kengash a’zolarining nomlari yil oxirigacha e’lon qilinishi rejalashtirilgan edi, biroq bu jarayon keyingi oyga qoldirilishi mumkin.
Mazkur uchrashuv AQSH Prezidentining Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Vitkoff va Prezidentning kuyovi Jared Kushnerning yaqinda Floridada Misr, Qatar va Turkiya rasmiylari bilan o‘tkazgan maslahatlashuvlaridan so‘ng bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu davlatlar hozirda sulh jarayonida vositachilik qilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Netanyaxu Trampning ikkinchi prezidentlik muddati davomida Oq uyda u bilan uchrashgan ilk xorijiy yetakchi bo‘lgan. Biroq bu ularning Tramp oktyabr oyida sulhning dastlabki bosqichi boshlangan paytda Isroilga tashrif buyurganidan beri ilk shaxsiy uchrashuvi bo‘ladi. Netanyaxu avval ham Mar-a-Lagoga bir necha bor tashrif buyurgan, jumladan, 2024 yil iyul oyida Tramp qayta saylov kampaniyasini olib borayotgan paytda.