Tramp ma’muriyati Qrimni Rossiyaniki deb tan olishi mumkin – “Bloomberg”
Olam
−
19 aprel 3702 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Moskva va Kiyev o‘rtasidagi kengroq tinchlik kelishuvi doirasida anneksiya qilingan Ukraina yarimoroli Qrim ustidan Rossiya “nazorati”ni tan olishga tayyor. Bu haqda kecha, 18 aprel kuni manbalarga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.
Agentlik manbalarining aniqlik kiritishicha, bu borada hali qaror qabul qilinmagan. Oq uy va Davlat departamenti esa izoh berish so‘rovlariga javob bermagan.
Ukrainadagi tinchlik muzokaralarining borishi bilan tanish bo‘lgan AQSH rasmiysi “Bloomberg”ning Qrimni Rossiyaniki deb tan olish imkoniyati haqidagi savoliga javob berishdan bosh tortdi.
14 aprel kuni AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff “Fox News” telekanaliga Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainada tinchlik o‘rnatishga intilayotganini, ammo “bu mojarodagi eng katta muammo” Kreml talab qilayotgan beshta Ukraina hududi Rossiyaniki deb tan olinishini aytdi. Gap Qrim, Donetsk, Lugansk, Zaporoje va Xerson viloyatlari haqida bormoqda.
Ertasi kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Odessada NATO Bosh kotibi Mark Ryutte bilan matbuot anjumani chog‘ida Uittkoffning so‘zlariga izoh berdi:
“Barcha hududlar unitar Ukraina davlatiga tegishli. Shuning uchun... davlatimiz hududi haqida faqat Ukraina xalqi gapirishi mumkin”.
18 aprel kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp agar Rossiya va Ukraina “tez orada” tinchlik o‘rnatmasa, vositachilik harakatlarini to‘xtatish bilan tahdid qilgan edi. Tramp biron bir muddatni aytishdan bosh tortdi va Amerika vositachiligida bu masala “nihoyasiga yetmasligiga” umid bildirdi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr