Tramp qariyb 1 soat BMT minbarida nutq so‘zladi
Olam
−
23 Sentabr 6244 3 daqiqa
Bugun, 23 sentyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp BMT Bosh Assambleyasida 57 daqiqa nutq so‘zlab, “ochiq chegaralar tajribasi” va iqlim o‘zgarishiga qarshi siyosat Yevropani halokat sari olib borayotganini aytdi. Uning nutqi BMTning You Tube kanalida jonli namoyish qilindi.
“Chegaralarni ochiq saqlash kabi muvaffaqiyatsiz tajribani to‘xtatish vaqti keldi. Sizlarning mamlakatlaringiz do‘zax sari ketmoqda”, deydi Tramp.
U muhojirlar boshqa madaniyat va din vakillari bo‘lgani uchun qabul qiluvchi davlatlarning madaniyati, iqtisodi va tartibini yemirishini aytdi. Shuningdek, o‘z ma’muriyati AQSHda noqonuniy immigratsiyani to‘xtatganini eslatdi.
Shuningdek, Tramp Yevropani ommaviy migratsiyani to‘xtatmaslikda aybladi. U muhojirlarga hamdardligini bildirgan holda: “Biz muammolarni ularning yurtida hal qilishimiz kerak, o‘zimiznikida emas”, dedi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Yevropaning “do‘zax sari ketishi” ikkinchi sababi “yashil energetika” siyosatidir. Shamol elektr stansiyalarini u “bema’nilik va haddan tashqari qimmat loyiha” deb atadi, iqlim o‘zgarishi haqida so‘nggi 40 yil davomida BMTda aytilgan bashoratlarni esa “eng katta firibgarlik” deb baholadi.
Ukraina urushi mavzusiga to‘xtalib, Tramp yana o‘zining Putinga munosabatlari tufayli urushni “oson to‘xtatishi mumkinligini o‘ylaganini” takrorladi. Endi esa AQSH Rossiyaga qarshi “juda kuchli tariflar” kiritishga tayyor, ammo bu faqat Yevropa Rossiyadan neft va gaz sotib olishni bas qilsa amalga oshadi.
“Aks holda biz behuda vaqt yo‘qotyapmiz”, deydi Tramp.
Nutqining boshida u BMTni ham keskin tanqid qildi.
“Men yettita urushni to‘xtatdim, lekin BMT hatto yordam berishga ham urinmadi. BMT bosqinlarni to‘xtatishi, ularni moliyalashtirmasligi kerak”, deydi u.
Shuningdek, Tramp nutqi boshlanishida telesuflyori ishlamaganidan va zalga kirayotganida eskalator to‘xtab qolganidan shikoyat qilib: “Menga BMT nima berdi? Singan eskalator va singan telesuflyor”, dedi.
G‘azo urushi haqida so‘z yuritar ekan Tramp ba’zi G‘arb mamlakatlarining Falastin davlatini tan olishini HAMAS uchun “haddan tashqari saxovatli mukofot” deb atadi.
“Bu 7 oktyabr voqealari kabi “dahshatli vahshiyliklar” uchun mukofot bo‘ladi. Ular garovdagilarni ozod etishdan ham, sulhga rozi bo‘lishdan ham bosh tortmoqda”, deydi Tramp.
Uning fikricha, HAMASning talablari oldida yon bosish o‘rniga tinchlikni istovchilar garovdagilarni zudlik bilan ozod qilish va halok bo‘lganlar jasadini qaytarishni bir ovozdan talab qilishlari kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp BMT Bosh Assambleyasi minbaridan turib, o‘zining birinchi prezidentlik muddati davrida erishilgan tinchlik “qulaganini” va uning o‘rnini “katta inqirozlar” egallaganini aytgani haqida xabar berilgan edi.