Trampning BMT minbaridagi nutqi muammo bilan boshlandi (video)

Olam

image

Bugun, 23 sentyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp BMT Bosh Assambleyasida nutq so‘zlash uchun minbarga chiqdi. Shu paytda telesuflyor ishlamay qoldi va Tramp bunga mas’ul shaxs “katta muammoga duch kelishini” aytdi. Jarayon BMTning You Tube’dagi sahifasida jonli namoyish etildi.

“Men telesuflyorsiz nutq so‘zlashga qarshi emasman, chunki u ishlamayapti. Shunga qaramay, sizlar bilan bu yerda turganimdan juda xursandman… faqat shuni aytishim mumkinki, telesuflyorga mas’ul shaxs katta muammoga duch keladi”, deydi AQSH Prezidenti.

Tramp BMT Bosh Assambleyasi minbaridan turib, o‘zining birinchi prezidentlik muddati davrida erishilgan tinchlik “qulaganini” va uning o‘rnini “katta inqirozlar” egallaganini aytdi.

“Men bu ulug‘ zalda oxirgi marta turganimga olti yil bo‘ldi. O‘sha paytda dunyo farovon va tinch edi. Mening birinchi prezidentlik muddatimda o‘rnatilgan tinchlik ikki qit’ada hukm surdi. Ammo o‘sha kundan buyon urush qurollari men o‘rnatgan tinchlikni vayron qildi, osoyishtalik va barqarorlik davri esa zamonamizning eng katta inqiroz davriga almashdi”, deydi Tramp.

Uning ta’kidlashicha, AQSH “sobiq prezident Jo Bayden davrida to‘rt yil davom etgan radikalizm va zaiflik”ni boshdan kechirgan, ammo hozir mamlakat “dunyoda hech qanday raqobatchisi bo‘lmagan” darajaga chiqqan.

“Bizning mamlakatimiz so‘nggi ma’muriyat davrida to‘rt yil davomida qonunsizlik, zaiflik va radikalizmni boshidan kechirdi. Bu esa bizni qator falokatlarga olib keldi. O‘tgan yili biz katta muammolarga duch kelgan edik, ammo hozir mening ma’muriyatim tufayli AQSH dunyoning eng qudratli mamlakatlaridan biriga aylandi. Biz bilan taqqoslanadigan boshqa davlat yo‘q”, deydi Tramp.

Shuningdek, u Bayden prezidentligi davrida AQSH ustidan butun dunyo masxara qilganini aytib, hozir esa mamlakat “hech qachon bo‘lmagandek hurmat qozonganini” ta’kidlagan.

“Faqat bir yil, ikki yil, uch yil yoki to‘rt yil avval biz butun dunyo uchun masxara bo‘lgandik. Bugun esa Amerika hech qachon bo‘lmagandek hurmat qozonmoqda”, deydi u BMT Bosh Assambleyasida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an BMT doirasida o‘tkazilgan “Falastin masalasiga yechim topish va ikki davlatli yechimni amalga oshirish” mavzusidagi xalqaro konferensiyadagi chiqishida G‘azodagi harakatlari uchun Isroilni qoralay boshlagan paytda uning mikrofoni o‘chirib qo‘yilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp BMT Bosh Assambleyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing