Tramp Isroil va Livan o‘rtasidagi sulh yana uch haftaga uzaytirilganini aytdi (video)

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroil va Livan o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish rejimi yana uch haftaga uzaytirilishini e’lon qildi. Bu haqda u o‘zining Truth Social tarmog‘ida yozib qoldirdi.

Uning aytishicha, bu qaror Vashingtonda o‘tkazilgan “juda samarali” muzokaralardan so‘ng qabul qilingan.

“Isroil va Livan o‘rtasidagi sulh uch haftaga uzaytiriladi. Yaqin kelajakda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Livan Prezidenti Jozef Aunni qabul qilishni intiqlik bilan kutyapman. Bu tarixiy uchrashuvda ishtirok etish men uchun katta sharaf bo‘ldi”, degan Oq uy rahbari.

Oq uydagi Oval kabinetda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens, Davlat kotibi Marko Rubio, shuningdek AQSHning Isroildagi elchisi Mayk Xakkabi va Livandagi elchisi Mishel Issa, hamda ikki davlatning yuqori martabali vakillari qatnashgan.

Marko Rubio muzokaralar yakunida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Isroil va Livan “bir xil terror tashkiloti qurboni” ekanini aytib, bu bilan “Hizbulloh”ni nazarda tutgan. AQSH elchisi Xakkabi esa ushbu guruhni keskin tanqid qilgan.

Trampning ta’kidlashicha, agar Isroilga qarshi hujumlar davom etsa, u o‘zini himoya qilishga majbur bo‘ladi va uning fikricha, “Hizbulloh” bunday harakatlarni davom ettirishi mumkin.

Shu bilan birga, 24 aprelga o‘tar kechasi Isroil mudofaa armiyasi “Hizbulloh” tomonidan uchirilgan raketalar tutib qolinganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Isroil va Livan o‘rtasidagi dastlabki 10 kunlik sulh 17 apreldan kuchga kirgan edi. Tramp bu haqda bir kun oldin e’lon qilgan. Ushbu kelishuv AQSHda o‘tkazilgan uchrashuvlardan so‘ng yuzaga kelgan bo‘lib, u Livan va Eron vakillari o‘rtasidagi 34 yildan beri ilk uchrashuv sifatida qayd etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Livan Hizbulloh Marko Rubio

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing