Tramp FQB rahbarligiga o‘ta o‘ngchi Kesh Patel nomzodini ilgari surdi
Olam
−
01 dekabr 2024 5293 2 daqiqa
AQSH prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan 78 yoshli respublikachi Donald Tramp Federal qidiruv byurosining yangi rahbari etib o‘zining birinchi muddatida Milliy razvedka direktorining sobiq maslahatchisi va Mudofaa vazirining shtab boshlig‘i bo‘lgan 44 yoshli Kesh Patelni tayinlamoqchi. Bu haqda Tramp bugun, 1 dekabr kuni o‘zining Truth Social sahifasida ma’lum qildi.
“Men Kesh Patel Federal qidiruv byurosining navbatdagi direktori sifatida ish boshlashini mamnuniyat bilan e’lon qilaman. Kesh o‘z faoliyatini korrupsiyani fosh qilish, adolatni o‘rnatish va Amerika xalqini himoya qilishga sarflaydi. FQBning yangi rahbari Amerikada kuchayib borayotgan jinoyat epidemiyasiga barham beradi, migrantlarning jinoiy to‘dalarini yo‘q qiladi, giyohvand moddalarning transchegaraviy savdosini to‘xtatadi”, deb yozdi Tramp.
Ma’lumot uchun, Kesh Patel 2005 yilda huquqshunoslik fakultetini tamomlagandan so‘ng, sakkiz yil Florida shtatida jamoat himoyachisi bo‘lib ishlagan. Dastlab Mayami-Deyd okrugi jamoat himoyachisi idorasida, keyinroq federal jamoat himoyachisi sifatida xizmat qilgan. Patel 2019 yilning fevral oyida Trampning birinchi prezidentlik davrida Milliy xavfsizlik kengashi xodimi sifatida ishga qabul qilingan, Xalqaro tashkilotlar va alyanslar direksiyasida ishlagan. 2019 yilning iyul oyida Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining katta direktori bo‘lgan. “The Wall Street Journal” xabariga ko‘ra, Patel 2020 yilning boshida Damashqda maxfiy missiyani olib borgan. Tramp Patelni Ukraina siyosati bo‘yicha eng yaxshi mutaxassislardan biri, deb atagan.
“Reuters”ga ko‘ra, Patel avvalroq FQBni razvedka funksiyalaridan mahrum qilish va uning safini Trampning kun tartibini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgan barcha xodimlardan tozalash tarafdori bo‘lgan. U 2021 yil yanvarida Kapitoliyga bostirib kirish bo‘yicha tergov doirasida so‘roq qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq respublikachi Donald Tramp AQSH moliya vaziri lavozimiga amerikalik investor Skott Bessentni, Adliya vaziri va Bosh prokurori lavozimiga nomzod sifatida Pem Bondini, Ta’lim vaziri lavozimiga ishbilarmon ayol va sobiq professional kurashchi Linda Mari Makmaxonni tayinlamoqchi ekanini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi