Tramp dunyoni AQSH, Xitoy va Rossiya o‘rtasida bo‘lmoqchi – NYT

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya va Xitoy bilan dunyo bo‘ylab ta’sir doiralarini bo‘lib olish bo‘yicha bitim tayyorlayotgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda “The New York Times” (NYT) xabar berdi.

Mutaxassislarning fikricha, Trampning harakatlari va bayonotlari shuni ko‘rsatmoqdaki, u yirik davlatlar – AQSH, Xitoy va Rossiya o‘z hududiy mintaqasida hukmron bo‘ladigan dunyo tartibini tasavvur qilmoqda. Tahlilchilar bu yondashuvni XIX asr imperial boshqaruv uslubiga qaytish deb baholamoqda.

Shuningdek, Tramp AQSHning G‘arbiy yarimshardagi pozitsiyalarini mustahkamlash niyatida ekani aytilmoqda. U Kanadani qo‘shib olish, Grenlandiyani egallash va Panama kanalini nazorat qilish haqida gapirgan. Biroq Tramp bir vaqtning o‘zida AQSH qo‘shinlarini dunyoning turli mamlakatlaridan olib chiqish haqida ham gapirmoqda. Bu esa, mutaxassislarning fikricha, Xitoy va Rossiyaga qo‘l kelishi mumkin. 

Taft universitetining Fletchers maktabi xalqaro siyosat professori Monika Daffi Toftning aytishicha, AQSH, Rossiya va Xitoy o‘zlarining tasavvuridagi go‘yoki “erkin va shonli” bo‘lgan o‘tmishga qaytishni xohlamoqda.

E’tiborli jihati shundaki, avvalroq NYT Tramp Ukrainadagi mojaroni hal qilishdan chekinayotganini ham yozgan. Nashr o‘z manbalariga tayanib, Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan bo‘lgan suhbatdan so‘ng Ukrainadagi urushni “Yevropaning urushi” deb atab, bu mojaro bilan shug‘ullanishdan voz kechayotganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, 19 may kuni Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasida telefon orqali suhbat bo‘lib o‘tgan edi. Keyinchalik ikkala lider ham ushbu muloqotni ijobiy baholadi: Putin uni “ochiq va foydali” deb atagan bo‘lsa, Tramp Rossiya va Ukraina zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarni boshlashini aytgan.

Shundan so‘ng Oq uydagi chiqishida Tramp Ukrainadagi mojaro aslida “Yevropaning muammosi bo‘lishi kerak edi, AQSH esa bu yerda aralashmasligi lozim edi”, deb bayonot bergan. Uning fikricha, agar muzokaralarda siljish bo‘lmasa, AQSH vositachilik rolini Yevropaga topshiradi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Donal'd Tramp Xitoy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing