Tramp barcha fuqarolariga 2 ming dollardan berishni va’da qildi 

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp bojxona bojlari orqali mamlakat olgan daromadlardan deyarli barcha amerikaliklarga 2 ming dollardan to‘lab berishni va’da qildi. Bu haqda Oq uy rahbari Truth Social tarmog‘ida yozib qoldirdi. 

Uning aytishicha, faqat yuqori daromadga ega bo‘lgan fuqarolar bu pullarni olmaydi. Tramp, shuningdek, o‘z postida bojlar siyosatiga qarshi chiqayotganlarni “ahmoq” deb atagan. Unga ko‘ra, AQSH bojxona to‘lovlari orqali trillionlab dollar ishlab olmoqda va shuningdek, 37 trillion dollarlik davlat qarzini ham yaqin orada to‘lab yuboradi. 

“Tariflarga qarshi odamlar – AHMOQLAR! Hozir biz dunyodagi eng boy va hurmatga sazovor mamlakatmiz, inflyatsiya deyarli nolga teng, fond bozori rekord ko‘rsatkichlarga ega. Biz trillionlab dollar olamiz va tez orada 37 trillion dollarlik ulkan qarzimizni to‘lashni boshlaymiz. AQSHda rekord darajadagi investitsiyalar kuzatilmoqda, hamma joyda zavod va fabrikalar qurilmoqda. Har bir kishiga (yuqori daromadli odamlarni hisobga olmaganda!) kamida 2000 dollar dividend to‘lanadi”, degan Tramp.

Tramp bojlarni kiritishdan asosiy maqsad sifatida AQSH yillar davomida yaqin va uzoq davlatlar tomonidan “talangani va iqtisodiy jihatdan ekspluatatsiya qilinganini” ta’kidlagan. 

Joriy yilning aprel oyida AQSH 211 davlat va hududdan import qilinadigan mahsulotlarga bojlar joriy qildi. Ulardan 86 tasi uchun boj stavkalari 11–50 foizgacha ko‘tarildi, qolgan ko‘pchilikka esa 5 apreldan boshlab 10 foizlik bazaviy boj qo‘llanildi. Trampning aytishicha, shu choralar natijasida AQSH kuniga 2 milliard dollargacha daromad ko‘ra boshlagan.

Avgust oyida Tramp yana yangi qaror imzolab, import bojlari bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rdi. Aksariyat davlatlar uchun boj stavkasi 10–15 foiz etib belgilangan bo‘lsa, Suriya, Laos, Myanma, Shveysariya va ba’zi boshqa davlatlar uchun eng yuqori tariflar kiritildi. 

Shu bilan birga, AQSH boj stavkalarini kamaytirish bo‘yicha faol savdo bitimlari tuzishni boshladi. Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi, Janubiy Koreya, Yaponiya, Filippin, Vetnam va Indoneziya bilan imzolangan kelishuvlarga ko‘ra, ularning boj stavkalari 15–20 foizgacha pasaytirildi, buning evaziga ular AQSHga katta sarmoyalar kiritish, Amerika mahsulotlari va energiya resurslarini xarid qilish, siyosiy hamkorlik va mudofaa yo‘nalishida yaqindan hamkorlik qilishga rozi bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 10 noyabr kunidan boshlab Xitoy AQSH tovarlariga qo‘shimcha 24 foizlik bojni bir yilga to‘xtatishi haqida xabar berilgandi. Bu qarorga Si Szinpin va Donald Trampning Janubiy Koreyada muzokaralari orqali erishildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Oq uy bojxona bojlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing