Tramp ashaddiy dushmani bo‘lmish Maduro bilan gaplashdi – OAV

Olam

image

O‘tgan haftada AQSH Prezidenti Donald Tramp va Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro telefon orqali gaplashdi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “New York Times” xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, suhbat hafta oxirida, AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ishtirokida bo‘lib o‘tgan. Suhbat yakunida o‘rtaga AQSHda uchrashish masalasi ko‘ndalang qo‘yilgan, ammo yetakchilar uchrashuvini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erisholmagan. 

Telefon suhbati Davlat departamentining “xorijiy terroristik tashkilot” deb e’lon qilish haqidagi qarori kuchga kirishidan bir necha kun oldin bo‘lib o‘tgan. Gap “Quyoshlar karteli” (Cartel de los Soles) haqida ketmoqda. AQSH ushbu kartelni Maduro bilan bog‘laydi. Karakas esa bunga javoban AQSHni “yolg‘on”da ayblagan va bunday kartelning o‘zi mavjud emasligini bildirgan. 

Bungacha “Axios” Trampning keskinlik ortib borayotgani fonida Maduro bilan gaplashish rejasi haqida xabar bergan edi. Manbalarning fikricha, bunday qaror AQSHning Venesuelaga raketa zarbalari yoki quruqlikdagi harbiy amaliyotlari muqarrar emasligini anglatishi mumkin.

“Quyoshlar karteli” nima?

“Quyoshlar karteli” (Cartel de los Soles) – AQSH huquq-tartibot organlari, jurnalistlar va tadqiqot markazlari tomonidan ko‘p yillardan beri ishlatiladigan norasmiy atama. U Venesueladagi yuqori martabali amaldorlar va harbiylar orasida narkotrafik bilan shug‘ullanishda gumon qilinayotgan tarmoqni anglatsa, nom esa generallar yelkasidagi quyosh shaklidagi yulduzlardan olingan.

2005 yilda Venesuela sobiq prezidenti Ugo Chaves hukumati AQSH Narkotiklarga qarshi kurash boshqarmasi bilan hamkorlikni to‘xtatgan. Shundan beri AQSH muntazam ravishda venesuelalik harbiy va fuqarolik amaldorlariga nisbatan sanksiyalar joriy qilib keladi.

2020 yilning bahorida AQSH Adliya vazirligi Maduro va boshqa yuqori martabali amaldorlarni “narkoterrorizm”da ayblab, Maduroni hibsga olishga yordam berishi mumkin bo‘lgan ma’lumot uchun 15 million dollar mukofot e’lon qilgan. 2025 yil iyul oyida mukofot 50 million dollarga oshirilgan.

AQSHning Karib dengizidagi harbiy faolligi

AQSH Venesuela yetakchisi bilan aloqalarni davom ettirayotgan bo‘lsa-da, Karib havzasidagi harbiy mavjudligini kuchaytirishda davom etmoqda. 2025 yilning avgust oyida Tramp Amerika harbiylariga Lotin Amerikasi narkokartellariga qarshi kuch ishlatishga ruxsat bergan. 

Yoz oxiriga kelib Venesuela sohiliga AQSH Harbiy-dengiz kuchlarining flotiliyasi yetib kelgan. U desant kemalari guruhi va uchta esminetsdan iborat bo‘lgan.

Tramp, shuningdek, Venesuela hududiga zarba berishga tayyor ekanini, bu narkotik oqimini to‘xtatish uchun zarurligini aytgan. Maduro esa bunga javoban Venesuela Harbiy-havo kuchlarini “mamlakatni himoya qilishga tayyor turishga” chaqirgan va uning aytishicha, venesuelaliklarning 82 foizi “qurol bilan yurtini himoya qilishga tayyor”.

Eslatib o‘tamiz, ushbu vaziyat fonida Maduro Putindan yordam so‘rab xat yo‘llagani haqida xabar berilgandi. Xatda Venesuela yetakchisi Rossiyadan mamlakatga raketalar va mablag‘ berishni, shuningdek, samolyotlarni ta’mirlashni so‘ragan.


Maqola muallifi

Teglar

Venesuela Donal'd Tramp Nikolas Maduro Quyoshlar karteli

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing