Tojikiston chegarachilari va “Tolibon” o‘rtasida otishma bo‘ldi – OAV
Olam
−
27 Oktabr 2025 8068 2 daqiqa
Tojikiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi chegara hududida Tojikiston chegarachilari hamda Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati kuchlari o‘rtasida qurolli to‘qnashuv sodir bo‘ldi. Hodisa joriy yilning 25 oktyabr kuni Shamsiddin Shohin tumanida yuz bergan. Bu haqda “8 subh” nashri xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, otishma Tojikistonning Shamsiddin Shohin tumani va Afg‘onistonning Badaxshon viloyatidagi Shahri-Buzurg tumani orasida joylashgan Dovang qishlog‘ida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mojaroning sababi Panj (Amudaryo) daryosining o‘z oqimini o‘zgartirgani bo‘lgan. Ushbu daryo ikki davlat o‘rtasidagi tabiiy chegara hisoblanadi va bu masala ilgari ham tomonlar o‘rtasida bahslarni keltirib chiqargan.
OAV xabarlariga ko‘ra, to‘qnashuv oltin qazib olinadigan hududda bo‘lib o‘tgan. U yerda Xitoy kompaniyalari ham faoliyat yuritadi.
Manbalarning bildirishicha, otishma qurbonlarga sabab bo‘lgan, biroq halok bo‘lgan va yaralanganlar soni ma’lum emas. Qaysi tomonda talofatlar borligi ham hozircha noma’lum.
Jurnalistlarning Tojikiston Chegara qo‘shinlaridan izoh olishga urinishlari samarasiz bo‘lgan. “Tolibon” ham hozircha rasmiy bayonot bermagan. “8 subh” xabariga ko‘ra, otishmadan so‘ng muvaqqat hukumat vakillari Badaxshonning yangi gubernatori Ismoil G‘aznaviy bilan yig‘ilish o‘tkazgan va unda chegara hududidagi vaziyat muhokama qilingan.
Shahri-Buzurg tumani avval ham “Tolibon” harbiylari va tojikistonlik chegarachilar o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarga guvoh bo‘lgan. Biroq ilgariroq “Tolibon” matbuot kotibi Zabihullo Mujohid Afg‘oniston va Tojikiston o‘rtasidagi chegara “xavfsiz va to‘liq nazorat ostida” ekanini ta’kidlagan.
“Har ikki tomon ham xavfsizlik uchun mas’ul, biz o‘z majburiyatlarimizni bajaryapmiz”, degan u.
Qayd etilishicha, to‘qnashuv “Tolibon” delegatsiyasi Balx viloyati gubernatori Yusuf Vafa boshchiligida Dushanbega tashrif buyurganidan bir necha kun o‘tib sodir bo‘lgan.
Delegatsiya Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Saymo‘min Yatimov hamda Ulamolar kengashi rahbari Saidmukarram Abdulqodirzoda bilan uchrashuvlar o‘tkazgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘oniston bilan chegarada sodir bo‘lgan to‘qnashuvlarda 5 nafar pokistonlik askar va 25 nafar jangari halok bo‘lgani haqida xabar berilggan edi. Jangari guruhlar 24-25 oktyabr kunlari Afg‘onistondan Pokistonning shimoli-g‘arbiy chegarasidagi Kurram va Shimoliy Vaziriston hududlariga o‘tishga uringan. Pokiston “Tolibon” hukumatini “Afg‘oniston hududida faoliyat yuritayotgan qurolli guruhlarga qarshi chora ko‘rmayotganlikda” ayblagan.
Live
Barchasi