Tojikiston chegarachilari bilan otishmada ikki afg‘onistonlik halok bo‘ldi

Olam

image

Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tezkor xodimlari chegarachilar bilan birgalikda afg‘on narkodilerlarini qo‘lga olish bo‘yicha operatsiya o‘tkazdi, unda otishma sodir bo‘lib, u ikki qoidabuzarning o‘limi bilan yakunlandi. Bu haqda “Khovar” xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, tezkor xodimlar Badaxshon viloyatida tug‘ilgan 50 yoshli Azarxon Saidumar boshchiligidagi giyohvand moddalar kontrabandachilari guruhining harakatlanish marshrutini aniqlagan. Jinoyatchilar Shamsiddin Shoxin hududidagi yuk bilan Tojikiston chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan.

Xavfsizlik kuchlari guruhni qo‘lga olishga qaror qilgan. Operatsiya davomida kontrabandachilar o‘z ixtiyori bilan taslim bo‘lish buyrug‘iga bo‘ysunmay, o‘t ochgan. Javob o‘qlari oqibatida kontrabanda guruhi rahbari Saidumar va uning sherigi Azizi Ro‘zmuhammad zararsizlantirilgan. To‘daning qolgan a’zolari Afg‘onistonga qochib ketgan.

Voqea joyidan 2 dona Kalashnikov avtomati va 17 dona o‘q-dorilar, tungi ko‘rish moslamasi, rezina qayiq, 3 ta sumkada 59 dona afyun briketi va bitta briket metamfetamin topib olingan. Taqiqlangan moddalarning umumiy og‘irligi 58,5 kilogrammni tashkil etadi.

Mazkur holat yuzasidan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining Xatlon viloyati bo‘yicha tezkor guruhining Tergov boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jinoiy guruhning sheriklarini aniqlash va ushlash bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida maxsus xizmatlar O‘zbekistonga Qirg‘iziston orqali chegaraning himoyasiz uchastkalari orqali sotiladigan mobil telefonlar va taqiqlangan preparatlarni olib kirish bilan shug‘ullangan kontrabandachilar faoliyatini to‘xtatgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston otishma operatsiya Badaxshon chegarachilar Shamsiddin Shoxin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing