Toshkentdagi qonli YTH qurbonlari 2 nafar ekani ma’lum bo‘ldi (video)

3-sahifa

image

Avvalroq, Toshkent shahrida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida Lacetti avtomobili ikkiga bo‘linib ketgani haqida xabar berilgan edi. Oradan 1 hafta o‘tib ushbu YTH oqibatida 2 kishi halok bo‘lgani va 3 kishi jarohatlangani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Kia avtomobilini voyaga yetmagan shaxs boshqargan. Hodisadan so‘ng u qilgan ishini tan olib, mashinani otasidan yashirincha olib chiqqanini aytgan.

“Dadamning mashinasini kechasi so‘ramasdan olib chiqib ketdim. O‘rtoqlarimni chaqirgandim. Maqsad ozgina mashina haydash edi. Chorrahada Lacetti yo‘lga chiqib qoldi, tezligim yuqori bo‘lgani uchun mashinani to‘xtata olmadim. Qilgan ishimdan juda afsusdaman. Vafot etganlarning yaqinlaridan, ota-onamdan va butun xalqimizdan uzr so‘rayman. Men tengdoshlarimga hech qachon rulga o‘tirmaslikni tavsiya qilaman”, deydi u.

Voyaga yetmagan shaxsning otasi ham o‘g‘lining xatti-harakati oqibatida bir oilaga og‘ir musibat yetganini aytib, marhumlarning yaqinlaridan kechirim so‘radi.

“O‘g‘lim mashinaning kalitini yashirincha olib chiqib ketib, birovning oilasini barbod qildi. Qonun qanday jazo belgilasa, shunga tayyormiz. Hammadan uzr so‘rayman”, dedi u.

Hodisa vaqtida avtomobilda bo‘lgan yana bir voyaga yetmagan yigit ham voqeadan keyin shok holatida uyiga ketib qolganini bildirib, sodir bo‘lgan fojiadan chuqur afsusda ekanini aytdi.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda voqea yuzasidan dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur yo‘l-transport hodisasi oqibatida bir ayol vafot etgani, uning farzandi esa yetim qolgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing