Toshkentda uy-joy va yer narxlari pasaymoqda
Jamiyat
−
06 avgust 17731 2 daqiqa
Joriy yilning iyun oyi yakuniga ko‘ra, Toshkent shahrida 1 sotix yer maydoni narxi 334 mln so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlardan 2,5 foizga past. Shuningdek, uy-joy narxlarida ham pasayish kuzatildi. Bu haqda Markaziy bankning ko‘chmas mulk bozori bo‘yicha tahliliy hisobotida keltirilgan.
Qayd etilishicha, Toshkentda ikkilamchi uy-joy bozorida 1 metr kvadrat uchun o‘rtacha narx aprelda qayd etilgan 15,4 mln so‘mdan iyun yakunida 14,9 mln so‘mga tushgan. Shuningdek, poytaxtda yer narxlari ham pasayayotganini ko‘rish mumkin. Xususan, joriy yilning birinchi yarim yilligida 1 sotix yerning o‘rtacha narxi 334 mln so‘mni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning shu davridagi 342 mln so‘mlik ko‘rsatkichdan 2,5 foizga past.

Ko‘chmas mulk bozorida faollik umumiy darajada saqlanib qolgan. Xususan, joriy yilning birinchi yarim yilligida respublika bo‘yicha jami 177,5 mingta bitim tuzilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 10,7 foiz ko‘p. Tuzilgan bitimlardan 148,4 mingtasi to‘g‘ridan to‘g‘ri uy-joy oldi-sotdisi bilan bog‘liq bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 12,1 foizga o‘sgan.
Shuningdek, II chorakda ipoteka krediti ajratish sur’ati tezlashib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 36 foizga o‘sgan. Birlamchi bozordagi uy-joylar uchun ajratilgan ipotekalar ulushi jami ipotekalarning 74 foizini tashkil etgan. Bu 2024 yilning mos davrida 57 foiz bo‘lgan.
Birlamchi bozordagi narxlar respublika miqyosida yillik hisobda o‘rtacha 2,6 foizga, ikkilamchi bozorda esa 2,5 foizga oshgan. Biroq Toshkent shahri va ayrim yirik hududlarda bu o‘sish juda past yoki salbiy ko‘rinishda. Ijara segmentida Toshkentda narxlar yillik hisobda 6,1 foizga tushgan.
Mavsumiy omillarni hisobga olgan holda qurilish materiallari taklifi barqaror bo‘lib qolmoqda. Biroq so‘nggi oylarda turarjoy binolariga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash materiallari narxlarining o‘sishi biroz tezlashgan. Yillik hisobda iyun oyida ushbu materiallar narxi 5 foizga oshgan.
Hisobotda qayd etilishicha, umuman olganda, joriy yilning II choragida ko‘chmas mulk bozorida bitimlar soni va ipoteka kreditlari hajmining o‘sishi natijasida yuqori faollik saqlanib qolgan. Taklif hajmining oshishi va xarid qilish imkoniyatlarining kengayishi talabni qo‘llab-quvvatlab, bozor va narxlar dinamikasining muvozanatli rivojlanishini ta’minlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekistonda uy-joy sotuvlari 10,6 foizga oshib, 136,5 ming xonadonni tashkil etgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi