Toshkentda narkotik tarqatgan “zakladchik” talabalar ushlandi (video)

3-sahifa

image

Toshkent shahri va viloyatida narkotik tashish bilan shug‘ullangan talabalar qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Mirobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida 1 kg 604 g turli xildagi giyohvandlik vositalar tarqalishining oldi olingan. Unda 2004 yilda tug‘ilgan talaba yigit Mirobod tumanida 7 dona izolentaga o‘ralgan “marixuana” giyohvandlik vositasini “zakladka” usulida joylashtirayotgan vaqtida ushlangan. U uch oydan buyon Telegram dagi narkodo‘konda kurator ko‘rsatmasiga asosan yirik miqdorda giyohvandlik vositalarini tarqatish bilan shug‘ullanib kelgan. Davom ettirilgan tezkor tadbirda uning ijaradagi turarjoyidan 698 g alfa PVP, 471 g “mefedron” sintetik giyohvandlik vositalari, 433 g “marixuana”, shuningdek giyohvandlik vositalarini qadoqlashda ishlatiladigan uch dona elektron tarozi, 600 dona paket, besh dona izolenta, to‘rt dona flakonda noma’lum suyuqlik borligi aniqlanib, ashyoviy dalillar sifatida hujjatlashtirib olingan.

Navbatdagi holatda internet narkodo‘kon jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yilgan. Jumladan, Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida joylashgan mehmonxona yonida shubhali harakatlangan 2001 yilda tug‘ilgan narkoshop administratori hamda 1998 yilda tug‘ilgan sherigi yo‘lda to‘xtatib tekshirilganda yonida alfa PVP sintetik giyohvandlik va uch dona “tropikamet” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari hamda giyohvandlik vositalarini iste’mol qilishda foydalaniladigan moslamalar borligi aniqlangan.

Tezkor qidiruv tadbirlar natijasida Qibray tumanida tezkor tadbir o‘tkazilib, 2005 yilda tug‘ilgan qizning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilgan. Xonadondan besh dona “tropikamet” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari aniqlangan. Tezkor tadbir davom ettirilib, muqaddam Jinoyat kodeksining 165-(tovlamachilik) va 273-moddalari (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan sudlangan internet narko do‘kon operatori yashash xonadoni ko‘zdan kechirilgan va 80 gram alfa PVP, “mefedron”, suyuq holatdagi alfa PVP sintetik giyohvandlik vositalari, “prigobalin” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari, elektron tarozi va zip paketlar, magnitlar ashyoviy dalillar sifatida hujjatlashtirib olingan.

Tezkor kuzatuv vaqtida ushbu xonadondan chiqib kelayotgan 2004 va 2006 yilda tug‘ilgan “zakladchik” talabalardan tarqatish uchun tayyorlab qo‘yilgan 30 dona izolentaga o‘ralgan alfa PVP sintetik giyohvandlik vositalari borligi aniqlangan. Tezkor qidiruv tadbirlar davomida internet narkodo‘kon jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olingan.

Mazkur holat yuzasidan jinoiy guruhga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan hamda 251-1-modda (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) 2-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada dalaga ko‘mib ketilgan 7 kg “gashish”ni olayotgan transmilliy jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olingandi.


Maqola muallifi

Teglar

talaba marixuana giyohvandlik vositasi zakladchik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing