Toshkentda MCHJdan 35 ming dollar talab qilgan hisobchi qo‘lga tushdi
3-sahifa
−
28 Oktabr 2025 5252 1 daqiqa
Muqaddam soliq idoralarida ishlagan va shu kunga qadar Toshkent shahridagi MCHJlardan birida hisobchi lavozimida faoliyat yuritib kelgan shaxs noqonuniy faoliyat evaziga 35 ming dollar talab qildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, poytaxtdagi transport va logistika xizmatlari ko‘rsatuvchi MCHJda hisobchi bo‘lib ishlayotgan shaxs o‘zining sobiq hamkasblari orqali bo‘yoq mahsulotlari ishlab chiqaruvchi MCHJga 17 mlrd so‘mlik qo‘shilgan qiymat solig‘ining manfiy farq summasini qaytarish hamda uning to‘xtatilgan QQS (qo‘shilgan qiymat solig‘i) guvohnomasini qayta faollashtirib berish evaziga 35 ming dollar talab qilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda u MCHJ ta’sischisidan 20 500 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan hisobchi va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi (pora berish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov harakatlari davomida u o‘zining yordamini Soliq qo‘mitasining katta inspektori orqali hal qilishi kerakligi aniqlanib, mazkur davlat xizmatchisi ham jinoyat ishiga gumonlanuvchi sifatida jalb etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlariga chek qo‘yilgandi.
Live
Barchasi