Toshkentda giyohvandlik moddalari va psixotrop dorilarni saqlayotgan yana bir guruh shaxslar ushlandi
3-sahifa
−
11 dekabr 2023
7026Toshkent shahrida giyohvandlik moddalari va kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni noqonuniy saqlayotganlar qo‘lga olindi Bu haqda poytaxt IIBB axborot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan tezkor-profilaktik tadbirlarning “Dolzarb qirq kunligi” davomida poytaxt IIBB va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy muomalasiga chek qo‘yilgan.
Jumladan, 6 dekabr kuni Mirzo Ulug‘bek tumanida 2001 yilda tug‘ilgan Muhammadiyev Sharifjon Shuhrat o‘g‘li boshqaruvidagi Spark rusumli avtomobili xolislar ishtirokida tekshirilganda 173 dona “Regapen” nomli hamda 160 dona “Aminometil” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Shu kuni Uchtepa tumanida 1994 yilda tug‘ilgan Abduqayumov Husniddin Shamsiddinovich boshqaruvidagi Nexia-3 to‘xtatilib, xolislar ishtirokida tekshirilganda avtomashina salonidan 32 dona “Tropikamid” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlangan.
Shuningdek, Chilonzor tumanida yashovchi 1984 yilda tug‘ilgan Baxmatov Pavel Igorevichning xonadoni xolislar ishtirokida tekshirilganda 150 gramm sintetik giyohvandlik vositasi, elektron tarozi, qadoqlashga mo‘ljallangan paketlar hamda giyohvandlik vositalarini iste’mol qilishga mo‘ljallangan turli vositalar aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.
8 dekabr kuni Bektemir tumanidagi “Sharq” YPX maskanida 1982 yilda tug‘ilgan O‘rinboyev Ikromiddin Muhammadaliyevich boshqaruvidagi Cobalt to‘xtatilib, xolislar ishtirokida tekshirilganda 8 gramm gashish giyohvandlik vositasi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
9 dekabr kuni Uchtepa tumanida 1996 yilda tug‘ilgan Yunusov Temur Timurovich to‘xtatilib, xolislar ishtirokida tekshirilganda yonidan 19 dona bo‘laklarga qadoqlangan sintetik giyohvandlik vositalari topilgan.
“Barcha holatlar yuzasidan to‘plangan hujjatlar o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilishi uchun tergov bo‘limiga taqdim etilgan. Tergov yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”, deyiladi ushbu xabarda.
LiveBarchasi