Toshkentda avtobus haydovchisi karantindan chiqqan fuqarolarni yo‘lda tashlab ketdi
Jamiyat
−
11 aprel 2020 24603 2 daqiqa
Toshkent viloyatida karantin muddatini o‘tab uyiga javob berilgan fuqarolarni manziliga yetkazish avtobuslar yuborilgan. Ammo avtobuslardan biri bir qancha fuqaroni manziliga yetkazmagan va natijada ular yo‘lda qolib ketgan. “Toshshahartransxizmat” AJ mazkur holat bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, kecha, 10 aprel kuni Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan karantin o‘tash maxsus hududida bo‘lgan fuqarolarga uylariga qaytish uchun ruxsat berilgan.
Ularni manzillariga yetkazish uchun esa “Toshshahartransxizmat” AJ tomonidan jami 11 ta MAN rusumli turistik avtobuslar ajratilgan bo‘lib, shundan 6 tasi viloyatlarga ketuvchi fuqarolarni belgilangan manzillarga yetkazish uchun biriktirilgan. 5 ta avtobus esa, Toshkent shahrida yashovchi fuqarolarni manzillariga yetkazib qo‘yishi belgilangan.
Barcha avtobuslar fuqarolarni belgilangan manzillarga eson-omon yetkazgan. Faqat poytaxtning Janubiy vokzal, 16-shahar shifoxonasi, Chilonzor metrosi, Farxod bozori, Olmazor, Sebzor yo‘nalishlari bo‘yicha ketayotgan avtobus so‘nggi yulovchilarini o‘zaro tushunmovchilik sabab manzillariga yetkazmagan.
Ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lib, yuzaga kelgan mazkur vaziyat jamiyat mutasaddilari tomonidan o‘rganildi.
Davlat raqami 01 966 LGA bo‘lgan MAN rusumli turistik avtobus haydovchisi M. X. tushuntirishicha, haqiqatan ham 3 nafar fuqaroni o‘z manziliga (Algoritm mavzesi) yetkazmasdan, Farxod bozori atrofida tushirib qoldirgan. Natijada ushbu fuqarolar yo‘lda qolib ketishgan.
“Haydovchining ushbu xatosi sabab unga nisbatan ma’muriy javobgarlik jazosi qo‘llanildi. “Toshshahartransxizmat” AJ yuzaga kelgan noqulaylik uchun uzr so‘raydi”, deyiladi xabar so‘ngida.
Live
Barchasi