Toshkentda 180 mlrd so‘mlik noqonuniy kriptovalyuta sxemasi aniqlandi (video)
3-sahifa
−
03 Sentabr 5545 1 daqiqa
Toshkent shahri, Yashnobod tumanida 2025 yil boshidan buyon 180 milliard so‘mdan ortiq noqonuniy kripto-aktivlar aylanmasini amalga oshirganlar ushlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Xavfsiz kibermakon” tezkor profilaktik tadbirlari doirasida Toshkent shahri hududida qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etuvchi chet el bukmekerlik kompaniyalariga xizmat ko‘rsatib, Descent platformasi orqali qonunda belgilanmagan tartibda kripto-aktivlar aylanmasi orqali pul mablag‘larini legallashtirish bilan shug‘ullanadigan jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olingan.
Yashnobod tumanida o‘tkazilgan tezkor qidiruv tadbirlari doirasida jinoiy guruhning 6 nafar a’zosi qo‘lga olingan. Ular joriy yilning yanvar oyidan boshlab hozirgi kunga qadar 180 milliard so‘mdan ortiq noqonuniy kripto-aktivlar aylanmasini amalga oshirgani aniqlangan.
Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 278-8-moddasi (Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) 3-qismi “a,v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi doirasida 38 dan ortiq uyali aloqa vositalari va 1000 ga yaqin plastik kartalar ashyoviy dalil sifatida olingan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida zararli dasturlar orqali 133 kishining kartasidan qariyb 3 mlrd so‘mni o‘g‘irlagan shaxclar qo‘lga tushgan edi.
Live
Barchasi