Toshkent metrosida 10 ming dollarni yo‘lovchi topib olgani ma’lum bo‘ldi (video)
Jamiyat
−
17:06 1465 1 daqiqa
Avvalroq, Toshkent metropolitenida xodim tomonidan 10 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mablag‘lari topilib, egasiga qaytarilgani haqida xabar berilgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, pulni xodim emas, yo‘lovchi topib olgan va xodimlarga topshirgan. Mazkur voqea aks etgan kuzatuv kameralari tasvirlari e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, voqea joriy yilning 4 oktyabr kuni soat 15:24 da sodir bo‘lgan. Kuzatuv kameralaridagi tasvirlarda Sergeli bekatida erkakning sumkasidan pullar tushib qolgani aks etgan. Oradan bir necha daqiqa o‘tib, bir ayol yo‘lovchi pullarni topib olib, Metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi (MXTB) xodimlariga topshirgan.
Ma’lum bo‘lishicha, pulni tushirib qoldirgan erkak asli Qozog‘istondan bo‘lib, Olmazordan Sergeli mashina bozoriga avtomobil sotib olish uchun ketayotgan bo‘lgan. Mas’ul xodimlar tomonidan tegishli choralar ko‘rilishi natijasida 10 ming AQSH dollari qonuniy egasiga qaytarilgan.
“Toshkent metropoliteni” AJ pulni topib, egasiga qaytarilishiga yordam bergan fuqaroga hamda o‘z xizmat vazifalarini vijdonan bajargan MXTB xodimlariga minnatdorlik bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreyada 60 yoshdan oshgan erkak chiqindi qopidan 25 million von (taxminan 18 684 dollar) topib olgani va olti oy davomida pulning egasi chiqmagach, erkak unga egalik qilish huquqini qo‘lga kiritgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi