“Tolibon” o‘quvchilarni bomba yaratish uchun zamonaviy bilimlarni egallashga chaqirdi
Olam
−
25 Sentabr 2025 3706 1 daqiqa
“Tolibon” muvaqqat hukumatining ta’lim vaziri Habibulla Og‘a zamonaviy ta’limning muhimligini yana bir bor ta’kidlab, zamonaviy vositalar yo‘qligi sababli Afg‘oniston havo hududi xavfsiz emasligini aytdi. Bu haqda “Tolo News” xabar berdi.
Paktiyaning Shavok tumanida yangi qurilgan maktab binolarining tantanali ochilish marosimida so‘zlagan nutqida u diniy ilmlar hayotdagi maqsad ekani, zamonaviy ilmlar esa suv va ovqatga o‘xshashini aytgan.
“Bugungi davrda siz o‘zingizni Kalashnikov yoki qilich bilan himoya qila olmaysiz. Dinigizni to‘p, dron, katta bomba va samolyotlar bilan himoya qilasiz. Lekin bu bombalar, samolyotlar va raketalar qanday qilib bilim va zamonaviy ta’limsiz yaratiladi?” degan u.
U o‘quvchilarni o‘z dinini va mamlakatini himoya qilish uchun ilg‘or mudofaa vositalarini yaratishda zamonaviy bilimlarni egallashga chaqirdi.
“Diniy fanlar hayotimiz maqsadi va biz uchun farzdir, biz ularni davom ettiramiz. Lekin diniy bilimlar hayotimiz maqsadi bo‘lgani kabi, vatanimiz suvga muhtoj bo‘lganidek, biz ham zamonaviy ilmlarga muhtojmiz”, deydi vazir.
Nashrning yozishicha, Yaponiyaning moliyaviy ko‘magi bilan Paktiya viloyatida 18 ta maktab uchun yangi binolar qurilib, foydalanishga topshirilgan.
Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Paktiyadagi maktablarning yarmida binolar yo‘q, o‘quvchilar ochiq osmon ostida tahsil oladi.
Live
Barchasi