Rossiya yangi “qiyomat quroli”ni testdan o‘tkazdi. “Burevestnik” qanchalik dahshatli?
Tahlil
−
28 Oktabr 13673 8 daqiqa
AQSH va Rossiya Donetsk masalasida kelishuvga erisha olmaganidan 1 kun o‘tar-o‘tmas muzokaralar o‘rnini qurollar namoyishi va sanksiyalar egalladi. Xususan, 21 oktyabr kuni Rossiya Shimoliy muz okeani, Barens dengizi va Kora dengiz o‘rtasida joylashgan Novaya Zemlya hududida shov-shuvli raketa sinovini o‘tkazdi. Yadroviy qurollarni tashishga ixtisoslashgan va cheksiz masofaga parvoz qila olishi aytilayotgan ushbu raketa turli nomlarga ega. Uni ruslar "Burevestnik", yevropaliklar esa "Skyfall" deb atashadi. Nomlarning mazmuni deyarli bir xil. O‘zbek tilida "Yomg‘irli bo‘ron" yoki "Bo‘ron qushi" deb atash mumkin. Xullas, bugun mashhur qo‘shiq Adelning deyarli butun dunyo biladigan musiqasi "Skyfall" haqida emas, balki jahonning turli burchaklarida endi mashhurlikka erishishi kutilayotgan shu nomdagi qiyomat quroli to‘g‘risida so‘z yuritiladi.
U qanday qurol?
21 oktyabr kuni o‘tkazilgan "Burevestnik" raketasi sinovi haqidagi rasmiy ma’lumotlar 26 oktyabrga kelib ochiqlandi. Putin harbiy libosda ko‘rinish berib, Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimovga mazkur qurolni kerakli joylarga joylashtirish vazifasini yukladi. Bu raketaning salohiyati, uning sinovi qanday o‘tgani haqida, asosan, Gerasimovning o‘zi ma’lumot bergan. Unga ko‘ra, so‘nggi sinovda raketa naqd 15 soat davomida havoda tura olgan va 14 000 km masofani bosib o‘tgan. Bu esa u Rossiyaning istalgan joyida uchgan taqdirda Nyu-York yoki Vashingtonga qiyinchiliklarsiz yetib borishini ko‘rsatadi. Putin ham qisqa qilib, "Burevestnik cheksiz masofaga ucha olishi, uni tutib oladigan havo mudofaa tizimi yo‘q ekanini" da’vo qildi.
Ammo mutaxasislar bu raketaning salohiyatini Putin maqtaganchalik juda cheksiz deb hisoblamaydi. Ochiq manbalarda "Burevestnik" haqida uchalik ham yaxshi baholar mavjud emas. Masalan, Yadroviy tahdid tashabbusi guruhining ma’lumotlariga ko‘ra, "Burevestnik"ning so‘nggi yillardagi sinovlari juda yomon yakunlagan. Jumladan, 13 ta sinovdan faqatgina ikkitasi qisman muvaffaqiyat qozongan. Bundanda yomoni, 2019 yilda Oq dengiz floti bazasida "Burevestnik" sinovi paytida portlash sodir bo‘ladi. Buning oqibatida besh nafar yadro muhandisi va ikki harbiy xizmatchi halok bo‘ladi. Rostdan ham Rossiya tomonining bu raketa sinovlari haqida e’lon qilgan so‘nggi yillardagi rasmiy bayonotlariga nazar tashlansa, "Burevestnik"ning muvaffaqiyatli sinovlari ham bo‘lganiga ishonish mumkin.
Chunki bu raketa haqidagi ilk gap-so‘zlar 2018 yilda chiqqan. Shundan 5 yil o‘tibgina, 2023 yil oktyabr oyida raketaning muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgani e’lon qilingan. Agar ikkinchi omadli yakun 2025 yilda amalga oshirildi desak, "Burevestnik" haqiqatan ham atigi ikki bor muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan degan ma’lumotlarga qo‘shilsa bo‘ladi. Shu bois, Moskvaning og‘zi qulog‘idaligiga qaramay, mazkur raketa Putin da’vo qilganidek saloyihiyatga egami yoki yo‘q, bu hozircha noma’lumligicha qolmoqda.
"Burevestnik" rostdan ham xavflimi?
Ikki amerikalik tadqiqotchi 2024 yilda raketaning ehtimoliy joylashtirilish joyini Vologda-20 yoki Chebsara deb nomlangan yadroviy kallak saqlash joyi yonida ekanligigini taxmin qilishgan. Bu nuqtalar esa Moskvadan 475 km shimolda joylashgan. Uning yadroviy harakatlantiruvchi kuchga egaligi yoqilg‘i miqdori bilan cheklangan an’anaviy turboreaktiv yoki turbofanli dvigatellarga qaraganda ancha uzoqroqqa uchish imkonini beradi. Bu unga nishonga tegmasdan oldin uzoq vaqt "sekin yurish"ini ta’minlaydi. Yadroviy tahdid tashabbusi tashkiloti u bir necha kun davomida havoda qolishi mumkinligini takidlamoqda. 2019 yilda shu tashkilot “Burevestnik” bir vaqtning o‘zida ko‘plab yadroviy jangovar kallaklarni olib yurishi, past balandlikda yer sharini aylanib chiqishi, raketaga qarshi mudofaa tizimlaridan qocha olishi va jangovar kallaklarni oldindan aytib bo‘lmaydigan joyga tashlab yuborishi mumkinligi haqida hisobot e’lon qilgan.
Ba’zi G‘arb mutaxassislarining ta’kidlashicha, “Burevestnik”ning past tezligi uni aniqlash imkonini beradi va u parvozda qancha uzoq tursa, shuncha zaiflashadi. Ammo o‘sha paytda bu da’volarga javoban, rossiyalik harbiy ekspert Aleksey Leonkov "Burevestnik" tajovuzkor mamlakatlarni tosh davriga olib borib, ularning harbiy va fuqarolik infratuzilmasini butunlay yo‘q qiladi, deya bayonot bergandi. Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti esa 2021 yilda "Burevestnik"ning taxminiy masofasi 20 000 km gacha bo‘lishini aytgan. Bundan tashqari, u 50 metrdan 100 metrgacha bo‘lganligi, bu an’anaviy kruiz raketasidan ancha past bo‘lgani bois, havo mudofaasi radarlarining uni aniqlashini qiyinlashtirishi ham tan olingan.
Putin va Tramp o‘rtasida jarlik hosil bo‘ldi
Raketa sinovi va undan keyin Rossiyaning ikki asosiy yirik neft kompaniyalariga qarshi qo‘yilgan sanksiyalar fonida Kreml va Oq uy orasidagi masofa ancha uzoqlashdi. Tramp va Putin ma’muriyati o‘rtasida katta jarlik hosil bo‘lmoqda. Bu ham yetmaganidek, Rossiya Prezidenti AQSH bilan plutoniyni utilizatsiya qilish bo‘yicha tuzilgan bitimni bekor qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Davlat dumasi ushbu qarorni joriy yilning 8 oktyabrida ma’qullagandi. 22 oktyabr kuni esa uni Federatsiya kengashi ham tasdiqlagach, Putin so‘nggi imzoni oradan 5 kun o‘tib, 27 oktyabrda qo‘ydi.
Ma’lumot uchun, plutoniyni utilizatsiya qilish haqidagi kelishuv 2000 yilda imzolangan bo‘lib, mazkur bitim 2011 yilda ratifikatsiya qilingan. Unga ko‘ra, Rossiya va AQSH yadroviy arsenallarni qisqartirishdan so‘ng qolgan 34 tonna harbiy maqsadli plutoniyni utilizatsiya qilish majburiyatini olgan. Aslida 2016 yilda Putin farmoni bilan bitimning amal qilishi ma’lum vaqtga to‘xtatilgan. Sabab sifatida AQSHning Rossiyaga nisbatan sanksiyalar joriy etgani, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qonunni qabul qilgani, NATOni sharqqa kengaytirgani, AQSH harbiy ishtirokining Sharqiy Yevropa davlatlarida kuchaygani va shuningdek, plutoniyni utilizatsiya qilish tartibini Rossiyaning roziligisiz o‘zgartirishga uringani ko‘rsatilgan.
Rossiya bitimni qayta tiklash uchun bir qator shartlarni qo‘ygan. Lekin bu shartlar ultimatumdan deyarli farq qilmaydigan va bugungi Rossiyaning qo‘pol tashqi siyosatida namoyon bo‘ladigan talablaridan deyarli farq qilmasdi. Unda 2000 yil 1 sentyabrdan keyin NATOga qo‘shilgan davlatlardagi AQSH harbiy infratuzilmasini qisqartirish, 2012 yilda qabul qilingan "Magnitskiy to‘g‘risidagi qonun"ni va 2014 yilda qabul qilingan "Ukraina erkinligini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qonun"ni bekor qilish, shuningdek, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni olib tashlash va ular keltirgan zararni qoplash nazarda tutilgan. Bu o‘z yo‘liga, ammo plutoniy masalasi nega muhim ekani alohida mavzu. Chunki bu birikma nafaqat harbiy jihatdan balki atrof-muhitning ifloslanishi nuqtai- nazaridan ham dunyo uchun xavfli. Birinchi navbatda, undan kelib chiqadigan ifloslanish nafas olish va yurak-qon tomir kasalliklari kabi turli kasalliklarga olib kelishi tufayli plutoniy inson salomatligiga juda katta salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ammo ifloslanish insonlarga bevosita ta’sir bilan cheklanmaydi. Bundan tashqari, o‘rmonlar, daryolar va boshqa tabiiy resurslarga ham zarar yetkazadi, ekologik muvozanatni buzadi. Shuningdek, uning iqtisodiyotga ham zarari mavjud. Plutoniy ortidan keladigan xavf sog‘liqni saqlash va unumdorlikning yo‘qolishi kabi moliyaviy xarajatlarga olib kelishi mumkin. Lekin yadroviy maqsadlarda uran asosiy modda bo‘lishiga qaramay, uning muqobili sifatida plutoniy tez-tez afzal ko‘riladi. Sababi, plutoniyning energiya zichligi urannikiga qaraganda ancha yuqori. Bu esa uran bilan bir xil miqdorda energiya ishlab chiqarish uchun kamroq plutoniy talab qilinishi, mazkur muqobil variant uning iqtisodiy jihatdan foydali ekanini anglatadi. Bundan tashqari, Plutoniy tez reaktorlar uchun ko‘proq mos keladi, ular an’anaviy reaktorlarga qaraganda samaraliroq va kamroq yadroviy chiqindilar ishlab chiqaradi.
Shuning uchun, plutoniy xavfini doim e’tibor markazidan qochirmaslik lozim. Bu modda haddan ortiq radioaktiv bo‘lib, doim jiddiy ishlov berish va yo‘q qilish kabi muammolarini keltirib chiqaradi. Shuningdek, Plutoniy-239 yadroviy qurollar ishlab chiqarishda ishlatilishi mumkin. Bu esa ularning tarqalishi bilan bog‘liq xavotirlarni keltirib chiqaradi. Shuning uchun, plutoniyning afzalliklari ko‘p bo‘lsa-da, ularning ortidan kelib chiqadigan jiddiy xavflarni ham unutmaslik lozim.
Osiyoni kezib chiqayotgan Donald Tramp esa bu jarayonlarni keskin tanqid qilib, mavqedoshi Putinni raketalarni sinovdan o‘tkazish o‘rniga Tinchlik kelishuvi imzolashga chaqirdi. U 27 oktyabr kuni Malayziyadan Yaponiyaga uchayotganida samolyot bortida jurnalistlarga intervyu berib, "Burevestnik" sinoviga javoban AQSH ancha oldin Rossiya sohillari yaqinida "dunyodagi eng yaxshi" atom suvosti kemasini joylashtirganini eslatdi.
"Ular biz bilan o‘yin o‘ynashmaydi, biz ham ular bilan o‘ynamaymiz. Biz doimiy ravishda raketa sinovlarini o‘tkazamiz, ammo aytganimdek, bizda yadroviy suvosti kemasi bor. Men Putin aytgan gaplarni o‘rinli deb hisoblamayman. U bir haftada tugashi kerak bo‘lgan, lekin to‘rt yildan beri davom etayotgan urushni tugatishi kerak edi. U shu ish bilan shug‘ullanishi kerak, raketa sinovlari bilan emas", dedi Tramp.
AQSHda bo‘lib turgan Rossiya prezidentining maxsus vakili, Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriyev esa amerikaliklarga "Burevestnik" sinovlari haqidagi ma’lumotlarni shaxsan o‘zi taqdim qilganini aytdi.
AQSH moliya vaziri Skott Bessent esa Putinning maxsus vakilini "Rossiya propagandachisi" deb atadi. U CBS News boshlovchisi Margaret Brennanga rossiyalik propagandachi aytgan gaplarni tarqatish o‘rinli bo‘lmasligi, u aslida bundan boshqa hech narsa ayta olmasligini ta’kidladi. Ha, Trampning Putinga yo‘llayotgan tanqidlari, yadroviy tahdidlari, Bessent kabi yuqori darajali mulozimning Putinning maxsus vakiliga bergan tarifi Rossiya va AQSH munosabatlari yana ziddiyatli davrga qayta boshlaganini ko‘rsatmoqda. Bir necha oylar oldin asta-sekin ijobiy tomonga o‘zgarishni boshlagan ikki tomonlama aloqalar bugunga kelib yana o‘zining eski holatiga qaytdi. Shu davr ichida butun dunyo bir narsaga guvoh bo‘ldi. Tramp va uning ma’muriyatidagilar Putin va Rossiya mulozimlariga AQSHning oldingi hukumatidan farqli ravishda jhuda yaxshi munosabatda bo‘ldi. Ammo Kreml bundan vaqt yutish va Ukrainadagi bosqinni kuchaytirish maqsadida foydalandi. Yakunda esa MAGAchilarning sabr kosasi to‘ldi. Bessentning bayonoti esa bu tugagan sabrni yaqqol ko‘rsatdi.
Live
BarchasiRossiyada o‘z chaqalog‘ini tashlab, qochib ketgan ayol bolasi bilan O‘zbekistonga qaytarildi
26 dekabr
Shavkat Mirziyoyev o‘zining oldingi va rahbarlarning hozirgi maoshida katta farq borligini aytdi
26 dekabr