TIV Pxuketda halokatga uchragan o‘zbekistonliklar bo‘yicha ma’lumot berdi

Jamiyat

image

Avvalroq, Tailandning Pxuket orolida o‘zbekistonlik sayyohlar ishtirokida yirik dengiz halokati yuz bergani, xususan, 11 yanvar kuni Korawich Marine 888 tezyurar sayr kateri baliqchi trauleri bilan to‘qnashib, jiddiy shikastlangan va ag‘darilib, cho‘kib ketgani haqida xabar berilgan edi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov mazkur holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, joriy yilning 11 yanvar kuni halokatga uchragan katerda 3 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan. Hodisa oqibatida ularning 2 nafari yengil tan jarohati olib, mahalliy shifoxonaga yotqizilgan. Jabrlangan fuqarolar to‘liq sog‘aygan va belgilangan tartibda shifoxonadan chiqarilgan.

Shuningdek, jabrlanganlarning barcha tibbiy va boshqa zarur xarajatlari katerga egalik qiluvchi kompaniyaning sug‘urta mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplab berilgan.

Hodisa yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasi mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda sog‘liqni saqlash muassasalari bilan doimiy aloqada bo‘lib kelgan.

Eslatib o‘tamiz, halokatga uchragan kater bortida 33 nafar Rossiya fuqarosi, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va boshqa bir qator davlatlar fuqarolari bo‘lgan. Rossiya Federatsiyasining 23 nafar fuqarosi turli darajadagi jarohatlar bilan Pxuketdagi bir nechta davolash muassasalariga yotqizilgan, u yerda ularga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, fojia oqibatida 18 yoshli Rossiya fuqarosi Yelizaveta Starix vafot etgan. Pxuket va Krabi [viloyatlari] politsiyasi hodisa yuzasidan tergov olib bormoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Tailand Pxuket dengiz halokati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing