Tinchlikka tupurgan rahbarlar, tugayotgan anomal issiq va shubhali o‘lim — Weekend
Olam
−
19 iyul 5842 4 daqiqa
Bunday vaziyatda eng katta xavf shundaki, mojaro endi faqat Vashington va Tehron o‘rtasida emas. U mintaqaning deyarli barcha muhim davlatlarini o‘z orbitasiga tortmoqda. Saudiya Arabistoni, Isroil, Qatar, Iordaniya, Iroq, Suriya va Yaman allaqachon ushbu geosiyosiy to‘qnashuvning bevosita yoki bilvosita ishtirokchisiga aylangan.
Shundan so‘ng, Donald Trampning tahdidlari fantastik tus ola boshladi. Yaqin orada AQSH Erondagi Pikaks tog‘iga zarba berishini ma’lum qilib, Vashington Eronga qarshi kuchli hujumlarni davom ettirishi haqida ogohlantirdi.
“Biz Pikaks tog‘ini yo‘q qilamiz. Eronliklarga tayyor turishlarini ayting”, degan Tramp The Hugh Hewitt Show dasturiga bergan intervyusida.
“Reuters” manbasining yozishicha, Pikaks tog‘i Eronning jiddiy zarar ko‘rgan Natanz uranni boyitish inshooti yaqinida joylashgan. Tog‘ ichida ikkita chuqur yerosti tunnel majmuasi mavjud. Mutaxassislar ushbu ob’ekt AQSH ixtiyoridagi eng kuchli bunkerga qarshi bombalar zarbasiga ham bardosh bera olishini aytmoqda.
Geosiyosiy nuqtai nazardan qaraganda, AQSHning asosiy maqsadi Eronni mintaqaviy yetakchi sifatida kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Nega? Chunki Eronning kuchayishi Isroilga xavf sola boshlaydi. Shunday ekan, Isroil tinchlik o‘rnatilishini xohlamas ekan, bu urushni tugashini kutish befoyda.
Grem o‘limi ortidagi shov-shuvlar
AQSH siyosatidagi eng ta’sirli respublikachilardan biri sanalgan senator Lindsi Gremning kutilmagan vafoti nafaqat mamlakat siyosiy hayotida, balki jahon sahnasida ham katta aks-sado berdi. 2026 yil 12 iyul kuni 71 yoshida vafot etgan siyosatchining o‘limi dastlab turli taxminlarga sabab bo‘ldi. Oradan ko‘p o‘tmay, shifokorlar uning o‘limiga aortaning yorilishi sabab bo‘lganini ma’lum qildi. Biroq bu izoh ham turli fitna nazariyalari va siyosiy talqinlarning oldini ololmadi.
Lindsi Grem 2003 yildan buyon AQSH Senatida Janubiy Karolina shtatidan vakillik qilib kelayotgan edi. Respublikachilar partiyasining eng tajribali arboblaridan biri bo‘lgan Grem mudofaa, tashqi siyosat va milliy xavfsizlik masalalaridagi qat’iy pozitsiyasi bilan tanilgan. U AQSHning Ukraina, NATO va ittifoqchilarni qo‘llab-quvvatlash siyosatining faol tarafdorlaridan biri bo‘lgan. Dastlab Donald Trampning keskin tanqidchilaridan bo‘lgan senator keyinchalik uning eng yaqin siyosiy ittifoqchilaridan biriga aylandi va Respublikachilar partiyasida muhim ta’sirga ega shaxs sifatida qaralardi.
Gremning o‘limi dastlab “kutilmagan kasallik” sifatida e’lon qilindi. Bu esa ijtimoiy tarmoqlarda turli taxminlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Ayrim foydalanuvchilar uning o‘limini siyosiy faoliyati bilan bog‘lashga urindi, boshqalar esa fitna nazariyalarini ilgari surdi.
Rossiyalik ultramillatchi mafkurachi va Kreml targ‘ibotchilaridan biri Aleksandr Dugin Gremning o‘limi oddiy tasodif emasligini iddao qildi. Uning fikricha, senatorning vafoti Donald Trampga qaratilgan “qora ishora” bo‘lishi mumkin. Dugin bu da’vosini hech qanday dalil bilan tasdiqlamadi, biroq uning bayonoti Rossiyaparast axborot maydonida keng tarqaldi.
“Lindsi Gremning to‘satdan o‘limi Trampga yuborilgan qora belgi bo‘lishi mumkin. Bu ochiqchasiga: “Navbat seniki”, degan ma’noni anglatadi. Lindsi Grem Trampning soyasi, uning qorong‘i alter egosi edi”, deya yozgan Dugin.
Boshqa bir konspirologlar guruhi esa, keksa siyosachining o‘limi ortida Isroil turgani haqidagi fikrlarni ilgari surmoqda. Internetta tarqalgan nazariyalarga ko‘ra, AQSH hukumatining Eronga nisbatan yumshoq siyosati va urushni yakunlashga intilishi, shuningdek, Trampning Netanyahuga nisbatan bildirgan keskin munosabatlari sabab Isroilning Mossad razvedkasi ushbu o‘limni uyushtirgan hamda Oq uy vakillariga, jumladan Trampga o‘ziga xos signal bergan. Ammo bu nazariyalarning hech biri aniq tasdiq topmaganini unutmaslik kerak. Marhumning yaqinlari va tibbiyot mutaxassislari esa o‘lim tabiiy bo‘lganini tasdiqlagan.
Senatorning vafotidan so‘ng, uning o‘rnini kim egallashi masalasi ham tezda hal qilindi. 13 iyul kuni Janubiy Karolina gubernatori Genri Makmaster Lindsi Gremning singlisi Darlin Grem Nordonni Senatdagi bo‘shagan o‘ringa vaqtincha tayinladi. U akasining vakolat muddati tugaguniga qadar senator sifatida faoliyat yuritadi. Mazkur tayinlov AQSH Senati tarixida vafot etgan senator o‘rniga uning tug‘ishgan singlisi tayinlangan ilk holatlardan biri sifatida qayd etildi.
Darlin Grem siyosatda faol lavozim egallamagan bo‘lsa-da, akasining saylov kampaniyalarida muntazam ishtirok etgan va uning eng yaqin maslahatchilaridan biri sifatida tanilgan. AQSH Prezidenti Donald Tramp ham uning nomzodini ochiq qo‘llab-quvvatlab, kelgusida Senatdagi o‘rin uchun o‘tkaziladigan maxsus saylovda qatnashishga chaqirdi.
Live
Barchasi