Tesla ishlab chiqarishni Oyga ko‘chirmoqchi
Olam
−
11:01 822 1 daqiqa
Tesla kompaniyasi kelgusi 20 yil ichida ishlab chiqarish quvvatlarini Oyga kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kecha, 27 fevral kuni kompaniya bosh direktori Ilon Mask Berlin shahridagi Gigafactory zavodi menejeri Andre Tirig bilan suhbatda ma’lum qildi.
Mask aksiyadorlarga kompaniya aksiyalarini sotmaslikni tavsiya qilib, ularni “ekstremal darajada yorqin kelajak” kutayotganini ta’kidlagan. Hozircha Oyda aynan qanday mahsulot ishlab chiqarilishi aniq emas. Elektromobillar ishlab chiqarilishi ehtimoli past. Ayrim taxminlarga ko‘ra, u yerda Optimus robotlari yoki kosmik texnologiyalar uchun komponentlar tayyorlanishi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Tesla elektromobillarining Yevropadagi savdosi so‘nggi 13 oy davomida pasaygan. Bu esa kompaniyani yangi bozorlar va innovatsion yo‘nalishlarni izlashga undamoqda.
Ilon Mask, avvalroq kosmosda sun’iy yo‘ldoshlar hamda sun’iy intellekt ma’lumot markazlari uchun qismlar ishlab chiqarish va ularni elektromagnit tezlatgichlar yordamida orbitaga uchirish rejalarini ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi Ilon Maskning kompaniyasiga katta miqdorda jarima solgandi.