Terroristik tashkilotga qo‘shilgan ota qamaldi, o‘g‘il qidiruvga berildi

3-sahifa

image

Buxoro viloyatining Buxoro shahrida Suriya davlatidagi “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkilotiga aloqasi bo‘lgan ota va o‘g‘il aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, Buxoro viloyatining Buxoro shahrida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan shaxs yot g‘oyalar ta’sirida 2019 yilda Suriya davlatidagi “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti safiga borib qo‘shilgan. U jangarilar safida faoliyat olib borish bilan birga, ijtimoiy tarmoqlar orqali turli bahonalar bilan boshqalardan pul yig‘ib, terroristik tashkilotning moliyaviy ta’minotini yaxshilashga ko‘maklashib kelgan.

Aniqlanishicha, 2021-2025 yillar davomida mazkur shaxs internet orqali o‘zbekistonlik fuqarolar bilan muloqotga kirishib, ularni kriptovalyuta ko‘rinishida pul mablag‘lari yuborishga da’vat qilgan va katta miqdorda pul yig‘ishga erishgan.

Uning aldovlariga uchib, pul yuborgan 8 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 155-3-moddasi (terrorizmni moliyalashtirish) aybi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Bundan tashqari ushbu shaxs o‘zining qabih ishlariga Buxoro shahrida istiqomat qiluvchi, 1965 yilda tug‘ilgan o‘z otasini ham jalb qilgan. 

Xususan, 2022-2025 yillarda davomida uning otasi Binance xalqaro kripto-birjasi orqali jami 13 597 USDT kriptovalyutasini o‘g‘liga yuborgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ota muqaddam diniy ekstremizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni tarqatish bilan shug‘ullanganligi uchun 2019 yilda huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olinib, Jinoyat kodeksining 244-1-moddasiga (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) asosan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Keyinroq esa u Buxoro shahar sudining ajrimi bilan shartli ravishda ozod qilingan.

DXX xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida uning harakatlariga fosh etilib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Buxoro shahar sudining hukmi bilan 1965 yilda tug‘ilgan mazkur fuqaro Jinoyat kodeksining 155-3-moddasi (terrorizmni moliyalashtirish) 2-qismi “a” bandi va 278-8-moddasi (kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, 10 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

Uning o‘g‘liga nisbatan esa Jinoyat kodeksining 244-1- (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish), 244-2- (diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish), 155-2 (terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tish, chiqish yoki harakatlanish), 155-3 (terrorizmni moliyalashtirish) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganligi uchun qidiruv e’lon qilingan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq xalqaro terroristik tashkilotlarga aloqadorligi uchun 25 yildan ortiq qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi xorijda ushlanib, mamlakatga olib kelingani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Buxoro Davlat xavfsizlik xizmati Terroristik tashkilot “Tavhid va jihod katibasi”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing