Telegram rekord darajada ko‘p kanallarni blokladi
Texnologiya
−
14 noyabr 3302 2 daqiqa
Kecha, 13 noyabr kuni Telegram messenjeri 519 645 ta kanal va guruhni blokladi va bu joriy yilning fevralidan buyon eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Bu haqda Telegram hisobotida keltirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil noyabr oyi boshidan beri messenjer 2 mln 810 ming 95 ta guruh va kanalni bloklagan. Faqat 13 noyabrning o‘zida ularning soni 519 645 taga yetgan. Shu yilning 5 fevralida Telegram rahbariyati 490 433 ta guruh va kanalni bloklagan edi.
Joriy yil boshidan buyon jami 34 mln 913 ming 282 ta guruh va kanal bloklangan, ulardan 207 772 tasi terrorchilik faoliyati bilan bog‘liq hamjamiyatlar hisoblanadi.
Hisobotda qayd etilishicha, 2015 yildan beri kanallar va guruhlarni moderatsiya qilish foydalanuvchi shikoyatlari hamda avtomatik o‘rganish asosidagi tekshiruv orqali amalga oshiriladi. O‘tgan yil boshida bu jarayonga sun’iy intellekt yordamidagi moderatsiya vositalari ham qo‘shilgan.
Ma’lumot uchun, Telegram – turli formatdagi xabarlar va mediafayllarni almashish imkonini beradigan messenjer. U 2013 yilda VKontakte ijtimoiy tarmog‘ining asoschisi Pavel Durov tomonidan yaratilgan. Telegram’ning oylik faol foydalanuvchilari soni 1 milliarddan oshadi.
Eslatib o‘tamiz, Durov o‘tgan yil avgust oyida Parij aeroportida hibsga olingan edi. Dastlab unga mamlakat hududini tark etish taqiqlangandi, bu yil iyun oyida esa cheklovlar yumshatilib, tadbirkorga Dubayga borish ruxsat etilgan. Kecha, 13 noyabr kuni esa undan barcha cheklovlar olib tashlangani ma’lum bo‘ldi.
U Telegram’da kontentni yetarli darajada modereatsiya qilmaslik va Fransiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikdan bosh tortish bilan bog‘liq tergov doirasida hibsga olingan. Durovga terrorizm, narkotiklar, firibgarlik va bolalarga qarshi jinoyatlar bilan bog‘liq ayblovlar qo‘yilishi mumkin. Durov esa platforma foydalanuvchilari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar uchun o‘zini ayblashni mantiqsiz deb hisoblashini bildirgan.
Live
Barchasi