Telegram orqali narkotik sotgan guruh ushlandi
3-sahifa
−
27 iyun 3637 2 daqiqa
Toshkent viloyatida Telegram orqali giyohvandlik vositalarining savdosi bilan shug‘ullanib kelgan 5 fuqaro qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, viloyatning Ohangaron shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent shahrining Yangihayot tumanida ijara asosida yashab kelayotgan Telegram orqali giyohvandlik vositalari savdosini amalga oshiruvchi narkodo‘konning 5 nafar a’zosi qo‘lga olingan.
Ular 400 gr “Alfa-PVP” sintetik narkotik moddasini 0,3 grammdan qadoqlagan holda Andijon viloyatidagi mijozlarga yetkazish maqsadida olib ketayotgani ma’lum bo‘lgan.
Qo‘lga olingan shaxslarning ko‘rsatmasi asosida ular tomonidan Andijon viloyatidagi 53 ta xufiya joyga joylashtirilgan har biri 0,3 grammdan bo‘lgan “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasi tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur narkodo‘kon operatori vazifasini bajaruvchi hamda Andijon viloyatining Izboskan tumanida yashovchi shaxs Yangihayot tumani hududida ushlanib, unga tegishli avtomashinaning yukxonasi va salon qismidan 986 gr “gashish” moddasi hamda 7 kg “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasi olingan.
Narkoguruh a’zolari kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan giyohvandlik vositalarini Toshkent shahri hamda Toshkent, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Samarqand, Buxoro viloyatlarida sotish bilan shug‘ullangan.
Ularning barchasiga nisbatan Jinoyat hodeksining 25,273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Chilonzor tumanida yashovchi fuqaroning uyidan 1 milliard 506 million so‘mlik sintetik giyohvandlik vositasi topilgandi.
Live
Barchasi