Eron yadro dasturi bo‘yicha MAGATE bilan hamkorlikni yana to‘xtatdi
Olam
−
12 Oktabr 2025 3155 3 daqiqa
Tehron Misrda Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) bilan erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni to‘xtatdi. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi davlat televideniyesiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Hozirda Qohira kelishuvi to‘xtatilgan, biz MAGATE bilan yadroviy masalalar bo‘yicha hamkorlikni to‘xtatdik”, dedi u.
Sentyabr oyining oxirida Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi MAGATE bilan hamkorlikni to‘xtatishga qaror qilgan edi. Bu chora BMTda Tehronga qarshi sanksiyalar bo‘yicha ovoz berishdan so‘ng qabul qilingan.
Bayonotda ta’kidlanishicha, Tashqi ishlar vazirligining agentlik bilan hamkorligi va inqirozni bartaraf etish bo‘yicha taklif qilingan rejalarga qaramay, Yevropa davlatlarining harakatlari tufayli MAGATE bilan o‘zaro hamkorlik to‘xtatiladi.
Ta’kidlanishicha, hatto hamkorlik to‘xtatilgan sharoitda ham Eron TIVga davlatning milliy manfaatlarini himoya qilish maqsadida Eron Islom Respublikasi Milliy xavfsizlik oliy kengashi qarori doirasida MAGATE bilan maslahatlashuvlarni davom ettirish tavsiya etilgan.
19 sentyabr kuni BMT Xavfsizlik kengashi 2231-rezolyutsiyaga muvofiq, Eronga nisbatan iqtisodiy sanksiyalarni doimiy ravishda bekor qilishni rad etdi. Ovoz berishda to‘rt davlat qarshi chiqdi, to‘qqiz davlat esa qo‘llab-quvvatladi. Shuning uchun 28 sentyabrga qadar kelishuvga erishilmasa, cheklov choralari qayta tiklanishi mumkin.
Janubiy Koreya taqdim etgan rezolyutsiya yetarli qo‘llovga ega bo‘lmadi. Faqat to‘rt davlat: Xitoy, Rossiya, Pokiston va Jazoir tarafdor bo‘ldi. AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya va boshqa bir qator davlatlar esa qarshi chiqdi.
Avgust oyida “Yevropa uchligi” davlatlari “snapbek” mexanizmni ishga tushirdi, u 30 kun ichida BMT sanksiyalarini bosqichma-bosqich tiklashni ko‘zda tutadi. Yevropa tomoni Tehron uranni boyitish bo‘yicha majburiyatlarini bajarmayotganini asos qilib ko‘rsatdi.
Ma’lumot uchun, 1970 yilda Tehron Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomani (YQTSH) ratifikatsiya qilgan, 1974 yilda esa MAGATE bilan keng qamrovli kafolatlar to‘g‘risidagi bitimni imzolagan. Unga ko‘ra, agentlik mamlakatning yadroviy ob’ektlari haqida ma’lumot yig‘adi, ularni tekshiradi va dastur tinch maqsadga xizmat qilishini tasdiqlaydi. 1979 yildagi inqilobdan so‘ng dastur to‘xtatilgan, biroq keyinchalik qayta tiklangan. 1990 yillarda Eron birinchi marta yadroviy qurol yaratmoqchi bo‘lganlikda ayblangan.
2003 yilda MAGATE Eronda uranni boyitish izlarini topgan, Tehron esa deklaratsiya qilinmagan faoliyatni olib borganini tan olgan. Shundan so‘ng, YQTSHda qo‘shimcha protokol imzolangan va Eron MAGATE tavsiyasiga ko‘ra boyitish dasturini to‘xtatgan. Biroq 2005 yilda uni qayta boshladi. Keyingi yili agentlik Eronga hamkorlikdan bosh tortish aybini qo‘ydi va unga nisbatan ilk sanksiyalar joriy etildi.
Shundan so‘ng, Tehron va G‘arb davlatlari yadroviy dastur bo‘yicha kelishuvga erishishga urindi. 2015 yilda Eron Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, AQSH, Xitoy va Rossiya bilan kelishuv imzolagandi. Unga ko‘ra, Eron yadroviy dasturini cheklab, evaziga sanksiyalar olib tashlanishi kerak edi. Biroq 2018 yilda Donald Trampning birinchi prezidentlik davrida AQSH kelishuvdan chiqib, Eronga yangi jazo choralarini joriy etdi.
Shundan keyin Tehron majburiyatlarni asta-sekin bajarmaslikka o‘tib, uran boyitishni qayta yo‘lga qo‘ydi. AQSHning baholashicha, Eron kelishuvda belgilangan normani to‘rt baravarga oshirgan. Ammo Tehron uran yadroviy qurol yaratish uchun emas, tinch maqsadlarda boyitilayotganini ta’kidlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, yaqindagina Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashining Yadro qo‘mitasi Qohirada Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi va agentlik bosh direktori Rafael Grossi tomonidan imzolangan MAGATE bilan hamkorlikni qayta tiklash bo‘yicha kelishuvni ma’qullagandi.