Tashiyev xitoyliklar bilan bog‘liq vaziyat haqida gapirdi
Olam
−
27 noyabr 8183 2 daqiqa
Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev bugun, 27 noyabr kuni Kemin tumanida yangi tug‘uruqxona qurilishi uchun tamal toshi yotqizish jarayonida mahalliy aholi bilan uchrashdi va Xitoy fuqarolari bilan bog‘liq vaziyatga izoh berdi. Bu haqda AKIpress xabar berdi.
U o‘z nutqida bugungi kunda Qirg‘izistonda respublika iqtisodiyotining jadal o‘sishi va rivojlanishini ta’minlash borasida katta ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
“Sovet Ittifoqi davridan buyon mamlakatimizda qurilish, ishlab chiqarish, qayta ishlash, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalar amalda e’tibordan chetda qoldi, hatto vayron bo‘ldi”, deydi Tashiyev.
U “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temiryo‘li qurilishi, Davlat ipoteka kompaniyasi orqali ko‘p qavatli turarjoy binolari, “Azattik Arena” stadioni, Shimoliy aylanma yo‘lidagi ko‘priklar (yo‘l o‘tkazgichlar), shuningdek, Fuchik ko‘chasida (O‘sh bozori o‘rnida) ko‘p funksiyali bozor majmuasi va boshqa ob’ektlar qurilishini esladi.
“Ayrim kuchlar va fuqarolarimiz ijtimoiy tarmoqlarda xitoylik ishchilar ko‘pligi yoki xitoyliklar hududni “o‘zlashtirayotgani” haqida yolg‘on ma’lumot tarqatmoqda, biroq bu da’volarning aksariyati haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Chunki Qirg‘izistonga kelayotgan Xitoy fuqarolarining 10 foizi biznes va turizmga sarmoya kiritayotgan investorlar, tadbirkorlar va sayyohlar, qolgan 90 foizi esa ish va qurilish sohasi bo‘yicha kelgan”, deydi u.
Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari aylanma yo‘lda ko‘prik qurayotgan Xitoy fuqarolari mahalliy aholini kaltaklagani uchun 44 nafar Xitoy fuqarosi qo‘lga olinganini ma’lum qildi.
“Jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, uning doirasida 16 fuqaro tergov izolyatoriga joylashtirildi, qolgan 28 fuqaro jarimaga tortildi. Qonunni buzgan xorijlik fuqarolarning hibsga olinishi va mamlakatdan chiqarib yuborilishi qurilish ishlarining kechikishiga olib keldi. Shunga qaramay, Qirg‘iziston qonunchiligi har qanday qoidabuzarliklarga qat’iy chek qo‘yishni talab qiladi”, deya ta’kidladi Tashiyev.
U yuzaga kelgan holatlardan kelib chiqib, davlat va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari, qurilish va moddiy-texnik ta’minot tashkilotlari rahbarlariga ma’rifiy-profilaktika ishlarini olib borish, chet el fuqarolarining ishlashi va vaqtincha yashashi uchun shart-sharoit yaratib, binolardan chiqib ketishni taqiqlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berilganini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qamchibek Tashiyev tug‘uruqxona binosining qurilishi boshlanishi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan tadbirda davlatga qaytarilgan xususiylashtirilgan mulklar haqida gapirgandi. U birgina Chuy vodiysida jinoyat boshlig‘i Qamchibek Asanbek (Kolya Qirg‘iz) ga aloqador bo‘lgan 30 million dollarlik 850 ta xonadon davlatga qaytarilib, ular ipoteka orqali aholiga berilayotganini aytdi.
Live
Barchasi