Tarixdagi eng katta neft zaxirasi bozorga chiqariladi – OAV
Olam
−
09:02 7704 2 daqiqa
Xalqaro energetika agentligi tarixdagi eng katta hajmdagi strategik neft zaxiralarini bozorga chiqarishni qaror qildi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, agentlik 400 million barrel neftni favqulodda zaxiralardan chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu tashkilot ixtiyoridagi umumiy zaxiralarning qariyb uchdan bir qismiga teng. Energetika sohasidagi global regulyator hisoblangan agentlikning 32 ta a’zo davlati ushbu qarorni bir ovozdan qo‘llab-quvvatlagan.
Bu chora AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi hamda Hormuz bo‘g‘ozining amalda yopilishi oqibatida neft bozorida yuzaga kelgan keskin vaziyatni yumshatish maqsadida ko‘rilmoqda. Bu bo‘g‘oz orqali jahon neft ta’minotining taxminan to‘rtdan bir qismi o‘tadi.
Avvalroq, Yaponiya hukumati 18 martdan boshlab davlat va xususiy zaxiralaridan taxminan 80 million barrel neftni bozorga chiqarishini ma’lum qilgan.
Germaniya ham mazkur tashabbus doirasida 19,51 million barrel xom neft zaxirasi ishlatishini e’lon qildi.
Shuningdek, Katta yettilik davlatlari energetika vazirlari strategik neft zaxiralaridan foydalanishni prinsipial jihatdan qo‘llab-quvvatlashlarini bildirgan.
AQSH ham o‘z strategik zaxirasidan 172 million barrel neft chiqarishini ma’lum qildi.
Xalqaro energetika agentligi bunga o‘xshash favqulodda chorani so‘nggi marta 2022 yilda, Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan keyin qo‘llagan edi. O‘shanda bozorga 182 million barrel neft chiqarilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Hormuz bo‘g‘ozi orqali savdo to‘xtashi natijasida jahon neft bozori har kuni taxminan 15 million barrel neftni yo‘qotmoqda.