Tarixda ilk bor robotlar insonlar bilan marafonda bellashdi (video)
Texnologiya
−
19 aprel 5207 2 daqiqa
Xitoy poytaxti Pekinda tarixda ilk bor odamlar va odamsimon robotlar birgalikda ishtirok etgan yarim marafon bo‘lib o‘tdi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Telekanalga ko‘ra, yarim marafonda 12 mingga yaqin inson va 20 ta robot qatnashgan. Musobaqa 21 kilometr masofada o‘tkazilgan. G‘olib robot garchi yo‘lning bir qismida yiqilib tushgan bo‘lsa-da, marraga 2 soat 40 daqiqada yetib borgan. Odamlar orasida esa g‘oliblikni efiopiyalik sportchilar qo‘lga kiritgan: erkaklar orasida natija – 1 soat 2 daqiqa, ayollar orasida esa – 1 soat 11 daqiqa.
Qayd etilishicha, robotlarga ham odamlar kabi yo‘lda to‘xtashga ruxsat berilgan. Faqat insonlar suv ichib dam olgan bo‘lsa, robotlarning batareyasi almashtirilgan. Musobaqa davomida ishlab chiqaruvchilar robot ishtirokchisini almashtirish huquqiga ega bo‘lgan, biroq har bir almashtirish uchun 10 daqiqa jarima belgilangan.
Yakunda Tien Kung Ultra nomli robot finish chizig‘ini “hech qanday charchoq alomatlarisiz” kesib o‘tgan. Shundan so‘ng musobaqani yakunlagan ishtirokchilar robot g‘olib atrofida to‘planib, suratga tushgan. Keyin esa ishlab chiqaruvchilar uni tantanali taqdirlash marosimi joyiga olib ketgan.
“Odamsimon robotlar ishtirokidagi bu yarim marafon Xitoyning ushbu sohani yanada faol rivojlantirishga intilayotganini ko‘rsatadi”, deyiladi xabarda.
Xitoylik ekspertlarning prognozlariga ko‘ra, 2025 yilda “mujassamlashgan intellekt” bozori 730 million dollarga yetadi va bu global bozorning 27 foizini tashkil qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kawasaki kompaniyasi Osaka Kansai Expo ko‘rgazmasida tog‘li va notekis hududlarda harakatlanish uchun mo‘ljallangan Corleo nomli robotlashtirilgan moto-otning konseptual modelini taqdim etgandi.
Live
Barchasi