Tarbiyachisi bolaga latta “yedirgan” bog‘chaning faoliyati to‘xtatiladi

3-sahifa

image

Avvalroq, Toshkent shahridagi bog‘chalarning birida tarbiyachi bolaning og‘ziga latta tiqib, qiynagani va keyinroq mazkur holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu hodisa ortidan “Rayyan kids land” bog‘chasining faoliyati to‘xtatiladi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, vazirlikning tegishli buyrug‘iga muvofiq poytaxtda joylashgan “Rayyan kids land” nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotining litsenziya talablari va shartlarini bajarilish holatini o‘rganishga doir tekshiruv o‘tkazilgan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, ta’lim tashkiloti tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan 6 ta holat bo‘yicha litsenziya talablari va shartlari qo‘pol ravishda buzilgani aniqlangan.

Xususan, joriy yilning 24 iyun kuni ta’lim tashkiloti tarbiyachisi A.G. tomonidan tarbiyalanuvchilardan biriga nisbatan jismoniy va ruxiy zo‘ravonlik qilingani qayd etilgan. Hozirda holat bo‘yicha tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

O‘zbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunida nodavlat ta’lim tashkiloti tomonidan litsenziya talablari va shartlari bir marotaba qo‘pol ravishda buzilgan va mazkur qoidabuzarlik fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga ziyon yetkazilishiga olib kelgan bo‘lsa, litsenziyani bekor qilishga asos bo‘lishi qayd etilgan.

“Shu munosabat bilan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “ Rayyan kids land” nodavlat ta’lim tashkilotiga tegishli litsenziyani bekor qilish yuzasidan Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga ariza kiritilishi ma’lum qilindi”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing