Tailandda AQSH so‘rovi asosida mashhur rossiyalik xaker ushlandi

Olam

image

AQSH hukumati talabi bilan Tailandda Rossiya fuqarosi qo‘lga olindi. U Amerika va Yevropadagi davlat muassasalariga kiberhujumlar uyushtirishda gumon qilinmoqda. Bu haqda “The Phuket Express” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, gap “dunyo darajasidagi 35 yoshli xaker” haqida ketmoqda va u AQSHga ekstraditsiya qilinadi. Rossiyaning Pxuket orolidagi bosh konsuli Yegor Ivanovning aytishicha, Rossiya tomoni hibsga olingan shaxsga konsullik yordamini taqdim etish imkonini so‘ramoqda.

Tailand kiberpolitsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, xaker joriy yilning 6 noyabr kuni Pxuket orolida AQSH Federal qidiruv byurosi (FQB) agentlari bilan o‘tkazilgan qo‘shma operatsiya davomida hibsga olingan. U joriy yilning 30 oktyabr kuni mamlakatga kirib borgan va Talang tumanidagi mehmonxonada joylashgan. Tintuv chog‘ida undan noutbuklar, mobil telefonlar va kriptohamyonlar (raqamli hamyonlar) topilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, uning kriptohisoblarida 14 million bat (taxminan 432 ming dollar) muzlatilgan bo‘lib, bu mablag‘larning kelib chiqishi kiberfiribgarlikka aloqador bo‘lishi mumkin.

Politsiya gumonlanuvchining ismini rasman oshkor qilmagan. Biroq “Vot tak” nashrining yozishicha, FQB bazasida kiberjinoyatlar uchun qidiruvda bo‘lgan 35 yoshli yagona rossiyalik – Murmansk viloyatida tug‘ilgan, Rossiya Bosh razvedka boshqarmasi katta leytenanti, Fancy Bear xakerlik guruhi bilan aloqador Aleksey Lukashevdir.

FQB ma’lumotlariga ko‘ra, Lukashev 2016 yilgi AQSH prezidentlik saylovlariga aralashuv va Demokratik partiya serverlarini buzish bo‘yicha ishda tilga olingan. Uning ismi bu ishda ayblangan 12 nafar shaxs orasida qayd etilgan. Fancy Bear guruhi shuningdek, Hillari Klinton shtab-kvartirasining elektron pochtasi hamda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning pochtasini buzish bo‘yicha tergovlarda ham tilga olingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy Davlat xavfsizlik vazirligi AQSHning Milliy xavfsizlik agentligini (NSA) mamlakatning Milliy vaqt xizmati markazi (NTSC)ga kiberhujum uyushtirganlikda ayblagandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Tailand xaker

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing