Suvga g‘arq bo‘lgan “Moskva” Rossiyaning urushdagi eng qimmat yo‘qotishi bo‘ldi – “Forbes”
Olam
−
15 aprel 2022 18984 2 daqiqa
Rossiya harbiy dengiz kuchlari Qora dengiz flotining cho‘kib ketgan – flagmani “Moskva” kreysarining narxi taxminan 750 mln dollar bo‘lgan. Bu haqda “Forbes” o‘z hisob-kitoblariga asoslanib, xabar berdi.
Nashr “Moskva” kreyserini 1995 yilda 720 mln dollarga baholangan shu toifadagi “Ukraina” kemasi bilan taqqoslab, uni taxminan 750 mln dollar turishini aytgan. Shuningdek, kemani yo‘q qilgani aytilayotgan Ukrainaning “Neptun” qanotli raketasi 26 mln dollarga baholangan.
Kreyser 2020yilda ta’mirdan chiqqan. Bunga qancha mablag‘ sarflangani aniq emas, ammo “Qrim gazetasi”da yozilishicha, kema 30 mlrd rublga yoki 363 mln dollarga ta’mirlangan.
“Forbes”ga ko‘ra, kreyser yo‘q qilinguniga qadar Rossiyaning Ukrainadagi urushda yo‘qotgan eng qimmat texnikasi Il-73 harbiy-transport samolyotlari bo‘lgan. Ular 86 mln dollarga baholangan.
Eslatib o‘tamiz, 14 aprel kuni tunda Odessa yaqinida joylashgan “Moskva” kreyserida portlash yuz berdi. Ukraina tomoni kemaga “Neptun” bilan zarba berganini bildirdi.
Rossiya o‘z navbatida kemadagi o‘q-dorilar portlaganini, bu noma’lum sabab bilan boshlangan yong‘in tufayli ekanini xabar berdi. Rus nashrlari kemaning 500 dan ortiq ekipaj a’zolari evakuatsiya qilingani aytildi.
Keyinroq esa kemadagi yong‘in o‘chirildi va u suzishga yaroqli holda ekani ochiqlandi. Biroq bugun, 15 aprel kuni tunda “Moskva” bukser qilinayotganda dovul sabab cho‘kib ketdi.
Qora dengiz strategik tadqiqot instituti rahbari Andrey Klimenkoga ko‘ra, 16 ta qanotli raketaga ega “Moskva” kreyseri yo‘q qilinganidan keyin Rossiya Qora dengiz floti kemalarining umumiy qanotli raketalari soni 72 tadan 56 taga kamaydi.
Live
Barchasi