Surxondaryoda shifokorlar hokim sharafiga majburiy mehnatga jalb qilindi
Olam
−
14 noyabr 2025 5267 2 daqiqa
Joriy yilning 2 noyabr, ya’ni yakshanba kuni QALAMPIR.UZ'ga Surxondaryo viloyatining Angor tumanida tibbiyot xodimlari ommaviy ravishda ishga chaqirib olingani va majburiy mehnatga jalb qilinayotgani bo‘yicha murojaat kelib tushdi. Murojaatchining aytishicha, bunga sabab viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimovning hududga kutilayotgan tashrifi bo‘lgan.
“Bugun yakshanba kuni bo‘lishiga qaramay, tibbiyot xodimlari ommaviy tarzda majburiy mehnatga jalb etilyapti. Chorshanba kuni keladi viloyat hokimi, “bolnitsa”ni borib ko‘raman degan, shunga hamma bugun ommaviy chaqirilib, ishlatilyapti”, deydi murojaatchi.
Bugun, 14 noyabr kuni Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi mazkur holat yuzasidan munosabat bildirdi. Qayd etilishicha, ushbu holat bo‘yicha Davlat mehnat inspeksiyasi tekshiruv o‘tkazgan.
Ko‘rsatmalarda mazkur ishlar xodimlarning o‘z ixtiyoriga ko‘ra amalga oshirilgani aytilgan bo‘lsa-da, xodimlarni lavozim majburiyatlariga tegishli bo‘lmagan ishga jalb qilishda ishtirok etgan Angor tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i o‘rinbosariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi (Mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari (4 mln 120 ming so‘m) miqdorida jarima qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida tuman hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nigora Jumayeva Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamovaning tashrifi munosabati bilan ayollarni majburiy mehnatga, ya’ni paxta terimiga jalb etgani haqida xabar berilgan edi. O‘shanda tuman hokimligi paxta terimiga chiqqan ayollarning “ko‘ngilli” ekanini, ular “o‘z ixtiyori” bilan bunga rozi bo‘lganini iddao qilgandi. Keyinchalik esa o‘sha ayollar rostdan ham majburiy mehnatga jalb qilingani o‘z tasdig‘ini topdi, Nigora Jumayevaga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi (Mehnatga ma’muriy tarzda majburlash) 1-qismi asosida jarima qo‘llanilgan.
Live
Barchasi