Surxondaryo IIBga ham yangi boshliq tayinlandi
Jamiyat
−
21:47 996 2 daqiqa
Bugun, 22 avgust kuni podpolkovnik Baxtiyor Rahimjonovich Inoqov Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Surxondaryo viloyatida jamoat xavfsizligini ta’minlash, hududdagi kriminogen vaziyatni yaxshilash hamda ichki ishlar organlari oldida turgan ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tgan.
Unda Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Toshpo‘latov, viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov, xalq deputatlari Kengashi a’zolari, mutasaddi idoralar rahbarlari, hamkor tashkilotlar mas’ullari, shahar va tumanlar jamoatchilik faollari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari ishtirok etgan. Yig‘ilish avvalida sessiya kun tartibidagi tashkiliy masala ko‘rib chiqilgan.
Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘i asosida, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichi bitiruvchisi podpolkovnik Baxtiyor Rahimjonovich Inoqov Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangani ma’lum qilingan.
Sessiyada hududdagi kriminogen vaziyat, jinoyatchilikni jilovlashga qaratilgan amaliy ishlar va mavjud muammolar chuqur tahlil qilinib, ularni bartaraf etishning amaliy choralari muhokama etilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish va profilaktika ishlarini kuchaytirishga doir qaror va topshiriqlaridan kelib chiqadigan vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratilgan.
Xususan, joriy yilning hisobot davrida viloyatdagi 723 ta mahallaning 73 foizida yoki 528 tasida bironta ham jinoyat sodir etilmagani, xodimlarning tashabbuslari bilan aniqlanadigan jinoyatlarning soni 40 foizga yaxshilangani e’tirof etilib, shu bilan birga 28 ta mahallalar “qizil” toifada qolayotganligi tanqid qilingan.
Yangi tayinlangan viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish, murojaatlar ortidan yuzaga kelayotgan muammolarni chuqur o‘rganish va ularga yechim topish, fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash bo‘yicha qator muhim vazifalar yuklatilgan.
Shu bilan birga, tuman va shahar ichki ishlar bo‘limlari rahbarlaridan jinoyat sodir etilishiga zamin yaratayotgan omillarni manzilli bartaraf qilish, mahallalar kesimida natijadorlikni oshirish talab etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sardor Tohirovich Mirzaraimov Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi.
Live
Barchasi