Suriyada notinchlik. Ikki kunlik janglarda mingdan ortiq odam halok bo‘ldi

Olam

image

Suriyada yangi hokimiyat xavfsizlik kuchlari va sobiq prezident Bashar Asad tarafdorlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar oqibatida halok bo‘lganlar soni ming kishidan oshdi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

Ushbu to‘qnashuvlar 6 mart kuni Tartus va Latakiya shaharlarida boshlangan.

Suriya Inson huquqlarini kuzatish observatoriyasi (SOHR) ma’lumotlariga ko‘ra, 745 nafar qurbon oddiy fuqarolar bo‘lib, ularning aksariyati yaqin masofadan otib tashlangan. Yana 125 kishi hukumat xavfsizlik kuchlari vakillari, 148 nafari esa Bashar Asad bilan bog‘liq qurolli guruh askarlari bo‘lgan.

Mahalliy aholi ko‘cha va bino tomlarida jasadlar yotganini, ularni olib ketishning imkoni bo‘lmaganini bildirgan. Qurollangan shaxslar mahalliy aholiga o‘z qurbonlarini dafn etishga ruxsat bermagan.

Rasmiylar ushbu hodisani “Suriya mojarosi davomida sodir bo‘lgan eng yirik qirg‘inlardan biri” deb atagan.

Qayd etilishicha, Suriyadan qochayotgan odamlar asosan Livanga yo‘l olmoqda, ba’zilar esa Rossiya aviabazalaridan boshpana topmoqda.

Nashrning qo‘shimcha qilishicha, Asad tarafdorlari bir nechta uylarni yoqib yuborgan, mashinalarni o‘g‘irlab, xonadonlarni talon-toroj qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriya xavfsizlik kuchlari va ularning ittifoqchilari 6 martdan beri rasmiylar va sobiq prezident Bashar Asad hukumatiga sodiq jangarilar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda mamlakatdagi alaviy ozchilikka mansub 311 nafar tinch aholini o‘ldirgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Bashar Asad Tartus

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing